AsosiyJamiyat

Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish – tinchlik va osoyishtalikni ta`minlashning muhim sharti

'Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga  aylantirish – tinchlik va osoyishtalikni  ta`minlashning muhim sharti'ning rasmi

Jinoyatchilikka qarshi kurashish barcha davrlarda ham davlat va jamiyat oldida turgan muhim masalalardan biri bo`lib kelgan. Zero, inson tinch va xotirjam yashashni istaydi, tinchlik bo`lgan joyda esa baraka va rivojlanish bo`ladi.

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida xavfsizlikni ta`minlash, tinchlik va osoyishtalikni saqlash borasidagi maqsadlari aniq va ravshan bayon etildi.

Ayni kunlarda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida fuqarolar yig`inlarida mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish masalalariga bag`ishlab ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar ham o`tkazilmoqda.

Tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo`lim (bo`linma)lar boshliqlari, jinoyat-qidiruv bo`limlari tezkor vakillari, tergov bo`linmalarining tergovchi va surishtiruvchilari, xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmalari tahlil va muvofiqlashtirish bo`linmalari xodimlari uchun o`tkazilayotgan malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlarida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, mashg`ulotlar mobaynida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan ichki ishlar idoralari faoliyatidagi ilg`or tajribalar bilan tanishtirilmoqda.

– Sohaga oid narmativ-huquqiy xujjatlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, qonun va qarorlarning mazmun mohiyati bilan yaqindan tanishyapmiz, – deydi Qarshi shahar 4-sonli IIB Jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili, katta leytenant Saodat Haqberdieva.
– Ma`lumki, bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda jinoyatlarni sodir etishning ham o`ziga xos usullari paydo bo`lmoqdaki, bu esa soha xodimlarining malaka va ko`nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishni davrni o`zi talab etmoqda. Institut professor-o`qituvchilari mavzularni interfaol usullarda tushuntirib bermoqda.

Mashg`ulotlardan so`ng Institut professor-o`qituvchilari tomonidan hududiy ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda mahallalarda aholi o`rtasida “Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz” mavzusida targ`ibot ishlari olib borilmoqda. Shu paytga qadar Qarshi shahridagi “Paxtazor”, “Qarshi”, “Kat”, “Temiryo`lchi”, “Yangi turmush”, G`afur G`ulom nomli, Qarshi tumanidagi “Mirmiron”, “Ertepa”, “Mevazor”, Nishon tumanidagi “Paxtazor”, “Paxtaobod”, Urganch tumanidagi “Turkmanlar”, Xonqa tumanidagi “Gulg`uncha”, G`ayrat nomli mahallalarda o`tkazilgan ma`rifiy tadbirlarda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, uning barqarorligiga hissa qo`shish, xavfsizlikka tahdidlarni “o`ziniki va o`zgalarniki” deb ajratish tuyg`usidan voz kechish, “har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hudud”ga aylantirish kabi mavzular haqida so`z yuritildi.

– Bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr talablaridan kelib chiqib huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyat mazmuni ham o`zgarib bormoqda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. – deydi Institut boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov. – Ayni paytda, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi. E`tirof etish kerakki, huquqbuzarliklarning bir qismi doimiy ish bilan ta`minlanmagan shaxslar tomonidan sodir etilmoqda. Bunday shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olishda aholi bandligini ta`minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana bir muhim masala bu – yoshlar o`rtasida jinoyatchilikning oldini olish. Chunki, yoshlar bizning kelajagimiz. Shundan kelib chiqqan holda, yoshlar o`rtasida turli xil illatlarni oldini olish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash maqsadida salmoqli ishlarni amalga oshirilmoqda. Xususan, “O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi, “Voyaga etmaganlar o`rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to`g`risida”gi, “Bolalarni ularning sog`lig`iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risida”gi qonunlar qabul qilindi, qator xalqaro hujjatlar ratifikasiya qilindi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan yoshlar, ayniqsa voyaga etmaganlar tomonidan turli jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish, bir so`z bilan aytganda yoshlar o`rtasida sog`lom turmush tarzini ta`minlash borasida belgilab berilgan vazifalarni bajarishga Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti jamoasi ham o`zining hissasini qo`shib kelmoqda.

– Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilayotgan ushbu ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar albatta o`z samarasini beradi, – deydi Qarshi shahar “Oydin” mahallasida yashovchi Zokir Sultonov. – Bunday tadbirlar yoshlarning, ayniqsa uyushmagan yoshlarning kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratishga, bandligini ta`minlashga, ishbilarmonlik ko`nikmalarini rivojlantirishga, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga ko`maklashishiga ayni paytda, ular o`rtasida jinoyat sodir etishga sabab bo`luvchi omillarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O`tkazilgan mazkur ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, uning barqarorligiga hissa qo`shish, mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, ularni sodir etishga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etishda jamoatchilikning roli kabi mavzular haqida so`z yuritilmoqda.

Shuningdek, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta`minlangan, yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining, ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning holidan xabar olish ham amalga oshirilmoqda.

– Bu yil 75 yoshga to`ldim. Xonadonimga viloyat IIB Faxriylar kengashi a`zolari muntazam kelib turishadi. Sog`ligim yomonlashib, bir oyog`imdan ayrilib nogiron bo`lib qoldim. Adabiyotni, san`atni yaxshi ko`raman. Shu bilan o`zimni chalg`itaman, – deydi Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi, ichki ishlar faxriysi, iste`fodagi podpolkovnik Ochil Rajabov. – Bugun esa poytaxtimizdan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari uyimga kirib kelganidan ham boshim osmonga etdi. O`zim uzoq yillar Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda samarali mehnat qilganman. Biz kabi faxriylarning xolidan xabar olayotganliklari uchun
Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga va Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilariga samimiy minnatdorchilikgimni bildiraman.

– Biz oilada 2 nafar qiz bo`lganmiz, ota-onamiz erta vafot etishgan, opam Gulnazem turmushga chiqmagan. O`zim 18 yoshimda turmushga chiqib, bir qizli bo`lganidan keyin turmush o`rtog`im bilan kelisha olmay ajrashganman, 2012 yil qizimni uzatganimdan keyin opam bilan ikkovimiz yashamoqdamiz, – deydi Urganch tumani “Turkmanlar” mahallasida yashovchi Durdiposhsha Qurbonsaidova. – Oxirgi yillarda oilamiz juda qiynalib qolgan edi, uyimizning tomidan kuz-qish mavsumida chakki o`tar edi. Mahallamiz raisi boshchiligida faollar, qo`ni-qo`shnilarimiz bu yil uyimizning tomini yangidan yopib berishdi. Bugun uy yumushlari bilan shug`ullanayotganimizda, xonadonimizga ichki ishlar organlari xodimlari kirib kelganini ko`rib, juda xursand bo`ldik. Ularning yurt tinchligini saqlashda olib borayotgan xizmatlariga zafarlar tilayman.

Shuningdek, Institut xodimlari tomonidan Qarshi tumani Mirmiron mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi Asror Sulaymonov, Xonqa tumani “G`ayrat” mahallasida yashovchi, kam ta`minlangan oila Xamro Olimov, Urganch tumani “Turkmanlar” mahallasida yashovchi
2-guruh nogironi Zulfiya Tojiboevalarning ham xolidan xabar olindi.

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda soha xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha sayyor o`quv yig`inlari, mahallalarda ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar hamda kam ta`minlangan oilalar, yakka yolg`izlar, nogiron fuqarolar holidan xabar olishdek ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar