29 iyul kuni birinchi marotaba Samarqand shahridagi joylashgan Markaziy harbiy okrugi nashri – “Sarhad” harbiy gazetasining ilk soni chop etildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
Harbiy gazetaning ilk nashrida Mudofaa sohasidagi ochiqlik siyosati yaqqol ko`zga tashlanadi. Dastlab, Mudofaa vaziri, harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni va uning o`rinbosarlari haqidagi biografik ma`lumotlar keltirilgan. Shu bilan birga, 8-sahifani o`z ichiga olgan gazetada qonunchilikdagi o`zgarishlar, Markaziy harbiy okrug hududi, tashkil topgan sana va vazifalari, Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlaridagi harbiy qismlarda o`tkazilgan turli xil tadbirlar, bolajonlar uchun qiziqarli o`yinlar, namunali harbiylarning hayoti haqida hikoya qilinadi.
Mazkur harbiy gazeta Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Aybek Saidov hamda “Sarhad MChJ” direktori – “Sarhad” gazetasi bosh muharriri Alibek Ergashev tomonidan imzolangan memorandum asosida nashrga tayyorlanyapti. Shartnomaga ko`ra, tez fursatda 1500 nusxada chop etilayotgan gazeta faoliyati butunlay harbiy okrug tasarrufiga o`tkazilishi ko`zda tutilgan.
Harbiy nashrning dastlabki soni okrug Matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan materiallar asosida sahifalandi. Kelgusida gazeta ijodkorlari harbiy okrug sarhadi bo`ylab sayohat qilib, qaynoq jarayon haqida rang-barang maqolalar tayyorlashni maqsad qilishgan.
– Harbiy gazetamizni oddiy fuqarolar ham o`qib, kuzatib borishlari mumkin, – deydi okrug Matbuot xizmati boshlig`i vazifasini bajaruvchi kapitan G`ayratjon Madrahimov. – Buning uchun gazetaga obuna bo`lishlari shart emas. Gazetaning har bir sonini Markaziy harbiy okrug rasmiy sayti hamda telegramm kanaliga joylab boramiz. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, okrugdagi Matbuot xizmati bo`limi yaqinda tashkil etilganiga qaramasdan, oldinga dadil odimlayapmiz. Agentlik, Mudofaa vazirligi hamda Markaziy harbiy okrug rahbariyati bugungiday hamisha qo`llab turadi degan umiddaman.