2019 yilning iyun oyida iste`mol bozorida yil davomida birinchi marta umumiy narxlar darajasining pasayishi kuzatilib, oy davomidagi deflyasiya ko`rsatkichi 0,5 foizni tashkil qilgan edi. Bu haqda Spot sayti xabar bermoqda...
Iyul oyida ham iste`mol bozorida o`rtacha narxlar darajasining pasayishi qayd etilib, oy davomidagi deflyasiya ko`rsatkichi 0,4 foizni tashkil qildi.
Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar iyul oylari davomida iste`mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 5,2 foizga qimmatlashdi.
2018 yilning iyul oyiga nisbatan respublika iste`mol sektoridagi o`rtacha narxlar darajasi 13,5 foizga ko`tarilgan.
2019 yilning iyunidan boshlab oy davomida umumiy iste`mol narxlari darajasining pasayishi asosan mavsumiy tendensiyalar va ommaviy ravishda meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining pasayishi bilan bog`liq bo`ldi.
Iyul oyi natijalari bo`yicha tovarlar narxlari 0,6 foizga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,3 foizga pasaydi. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida 0,4 foiz, xizmatlar esa 0,2 foizga qimmatlashdi.
Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 4,6 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,7 foiz, xizmatlar 5,6 foizga qimmatlashdi.






