AsosiyJamiyat

"Borsa kelmas" nomini olgan "Jasliq" qamoqxonasi yopiladi

'"Borsa kelmas" nomini olgan "Jasliq" qamoqxonasi yopiladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 avgustdagi PQ-4414-sonli “Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to`g`risida”gi qarori bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi Jasliq qo`rg`onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish belgilandi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar qiladi.

"Mazkur tarixiy qaror ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarda qonunga itoatkor xulq-atvorni, shaxs va jamiyatga hurmat munosabatini shakllantirishga yo`natirilgan axloqan tuzatish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq davlatimizning xalqaro arenalarda ijobiy mavqeini ilgari surish maqsadida qabul qilinganligi qayd etilgan", deyiladi xabarda.

O`zA yozishicha, “Jasliq” qamoqxonasi odamlar orasida zulm lageriga qiyoslangan. Prezidentimizning ushbu tarixiy qarori bilan nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham nomi eshitilganda, yomon taassurot uyg`otuvchi qamoqxonaga barham beriladigan bo`ldi.

"Jasliq" qamoqxonasining yopilishi haqidagi xabarga Human Rights Watch tashkiloti vakili Stiv Sverdlou hamda AQShning O`zbekistondagi sobiq elchisi Pamela Spratlen o`z munosabatlarini bildirdi.

"O`zbekistondan fantastik yangilik. Prezident O`zbekistonning shimoli-g`arbida joylashgan, tavqi lan`atga uchragan Jasliq qamoqxonasini yopish to`g`risida qaror qabul qildi. Bu shubhasiz, O`zbekiston uchun yaxshi yangilik. Umid qilamanki, bu butun bir davrning haqiqatda xotima topishidir. O`zbekistonning zo`ravonlik bilan uyg`un dunyoga dong`i ketgan ayrim ishlari aynan Jasliq bilan bog`liqdir. Qamoqxonani yopish to`g`risidagi qarorini e`lon qilar ekan, Prezident juda katta siyosiy jasorat namoyish etdi. Endi tarixni o`rganib, u hech qachon takrorlanmasligi uchun xulosa chiqarish zarur", - deydi Human Rights Watch tashkiloti vakili.

Pamela Spratlen xonim esa: "Juda ham ramziy ahamiyatga ega qaror! Modomiki, Jasliq to`liq yopilar ekan (u umuman qayta ochilmasligi lozim), bu voqea o`tmish bilan rishtalarni uzish uchun o`ta kuchli va zarur ishora bo`ladi. Yangi O`zbekiston uchun unday maskanlar kerak emas va hukumat buni anglab etgani nihoyatda muhimdir",- deb yozadi o`zining Tvitter sahifasida.



    Boshqa yangiliklar