Kitob do`koniga qachon borgansiz? Bir oy avvalmi yoki 3 oydan oshdimi?.. Eslolmasangiz, bugundan otlaning. Chunki sizni ne-ne buyuklar navbatma-navbat kutib turibdi. Hali issiq taftini yo`qotmagan yangi nashrlar kutubxonani non isidek xushbo`y hidga to`ldirib yuborgan.
Yaqinda “O`zbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tomonidan buyuk adiblarning vaqt hukmidan g`olib o`tgan asarlari yana nashr etildi. Yangicha ko`rinish, yangicha dizaynda ruhiy olamingizning eng chuqur erlarigacha ta`sir qiladigan mazkur kitoblarning bir nechtasi haqida xabar beramiz. Yana eshitmay, dog`da qolmang. Chunki yaxshi kitob mutolaasidan bebahralik oqibati dunyodan bexabarlikka sababchi bo`lishi mumkin.
Hamma yaxshi va yangi kitoblar hamrohingizga aylansin. Sizlarga yoqimli mutolaa tilaymiz.
Erkin Vohidov “Sevgi shunday navbahorki”
Sevgi shunday navbahorki,
U tikandin gul qilur,
Toshga jonu til bag`ishlab,
Zog`ni ham bulbul qilur.
O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning sara asarlari to`plangan mazkur kitob buyuk ijodkorni sog`ingan muxlislari uchun tuxfa bo`la oladi.
Ushbu kitobda adabiyotshunos olim Ibrohim G`ofurov ta`kidlaganidek, “she`riyatning ma`rifati va madaniyatini o`zida jamlagan shoir” ijodining zamon chig`iriqlaridan omon o`tgan satrlaridan bahramand bo`lishingiz mumkin.
Rasul Hamzatov “Mening Dog`istonim”
Mazkur kitobda “Kichkina go`dak ham katta tushlar ko`radi” degan ajoyib fikr bor. Bunda Dog`iston nazarda tutilgani aniq.O`z xalqini, tilini, VataniniRasul Hamzatovdek sevib ardoqlagan insonlar kam topiladi. “Mening Dog`istonim” asari har kimga qanday bo`lishidan qat`iy nazar o`z uyini, mahallasini, o`z yurtini sevishni o`rgatadi.Shoir kitobida shunday yozadi: “Jonajon Dog`istonim. Men shu erda tug`ildim, shu erda birinchi bor o`z ona tilimda so`z eshitdim. Bu so`z mening vujudimga va qonimga singdi. Bu erda men o`z ona tilimda birinchi qo`shiqni eshitdim. O`zim birinchi qo`shig`imni aytdim. Bu erda men nonning ta`mini, suvning mazasini bildim. Tog` toshlari oyoqlarimni qonatdi, tog` irmoqlari jarohatlarimni yuvib, tog` giyohlari shifo bag`ishladi”.
Ernest Xeminguey “Chol va dengiz”
“Inson mag`lubiyatga uchrash uchun yaratilgani yo`q. Insonni yo`q qilib tashlash mumkin, ammo uni aslo engib bo`lmaydi!” deb yozadiErnest Xeminguey “Chol va dengiz” qissasida. Mazkur asar 1952 yilda dunyoga keldi. Va yozuvchiga haqiqiy shuhrat keltirdi. 2 yil o`tib mazkur asardagi g`olibona ruhiyat sabab Xeminguey Nobel mukofoti sovrindori bo`ldi.
O`zingizni, ruhingizni tarbiyalashga kirishdingizmi? Unda vijdonli ijodkor, realist yozuvchi, XX asrning zamondoshibo`lgan Xemingueyning “Chol va dengiz”ini o`qing! Shunda siz ham yagona xulosaga kelasiz: “Insonni engib bo`lmaydi!”.
Cho`lpon “Kecha va kunduz”
Zebining Sibir o`lkalariga surgun qilinishi, begunoh o`zbek ayolining tuxmat, razolat, johillik qurbonigaaylanishi Cho`lponning “Kecha va kunduz” romanidagi voqealar rivojida o`z ifodasini topgan.Xo`sh, Zebining ayanchli taqdir egasiga aylanib qolishiga kim aybdir?
O`zimi, ifloslangan muhitmi yoki atrofidagi razil kimsalar?..Asarda tasvirlangan voqealardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, Zebi yashagan davrni tag-tomiri bilan o`zgartirish kerak. Yoki Sizda boshqacha fikr tug`ildimi? Unday bo`lsa, yana bir bor “Kecha va kunduz” ni o`qib chiqib, mulohaza yuritamiz. Buyuk asarlarning yangi nashrida yangi olam, yangicha fikr, yangi dunyoni kashf etamiz!
Chingiz Aytmatov “Jamila”
Atoqli adib Lui Aragon tomonidan rus tilidan ham avval fransuz tiliga tarjima qilingan va XX asr jahon adabiyotida sevgi haqidagi eng go`zal asar deb baholangan Chingiz Aytmatovning «Jamila» qissasini o`qiganmisiz? Albatta, buyuk yozuvchining “Jamila”sini o`qimay, 18 ga kirgan yoshlar kamdan-kam topiladi. Adib “Jamila” qissasida inson qalbini, uning ko`nglini himoya qildi, ma`naviy tanazzul botqog`idan qutulishidan umid uzmadi. Biz Jamila, Asal, Bola, Mo`min, To`lg`onoy, Edigey, Avdiy va boshqa obrazlarda insonga xos qalb tarovatini, insonning kelajagi hamda ertasiga, uning irodasi va qudratiga ishonchni his etamiz.
Sizga ham zavqli mutolaa tilaymiz!!!
Go`zal Oxunova, “Yoshlar media markazi” bosh mutaxassisi






