Beshinchi xalqaro armiya o`yinlarining “Tank biatloni” yo`nalishi bo`yicha ilk bor ishtirok etayotgan o`zbekistonlik harbiy xizmatchilar musobaqaning birinchi shartini ko`ngildagidek bajarishdi. 3-4 avgust kunlari o`tkazilgan musobaqada serjant Ubaydulla Turdialiev etakchiligidagi ekipaj a`zolari berilgan to`siqlarni bekamu ko`st bajarishga harakat qildi.
Ta`kidlash kerakki, “Tank biatloni” musobaqasining ikkinchi guruhida 13 ta jamoa ishtirok etishi ko`zda tutilgan edi. Ammo Shri-Lanka va Janubiy Afrika respublikasi jamoalari mazkur musobaqaga etib kelmaganligi sababli hozirda guruhda 11 ta jamoa birinchilik uchun kurash olib bormoqda.
Yigitlarimiz topshirilgan vazifani a`lo darajada bajarishga bor kuch-g`ayratini safarbar etishdi.
“Tank biatloni” musobaqasida ilk bor ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilarni Rossiya Federasiyasida faoliyat yuritayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan kuzatib bordi.
– Men Moskva shahrida bir necha yildan beri ishlayman, – deydi qashqadaryolik Anvar Yorbozorov. – Hamyurtlarimizning bugungi ishtirokini ijtimoiy tarmoqlar orqali bildik va do`stlarimiz bilan mamlakatimiz himoyachilarini qo`llab-quvvatlash maqsadida yurtimiz bayrog`ini qo`limizda baland tutib keldik. Harbiylarimizning shijoatini, muvaffaqiyatini ko`rib, mamlakatimiz armiyasidan yana bir bor g`ururlandik.
Musobaqa jarayonida ishtirok etayotgan xalqaro toifadagi mutaxassislar ham jaoamizning chiqishini alohida e`tirof etib, yuqori baholashdi. Shu kungacha guruhda 7 ta jamoa birinchi shart bo`yicha berilgan topshiriqlarni bajargan bo`lsa, vakillarimiz ular ichida birinchi o`rinda ketyapti.
Musobaqa davom etmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






