4 avgust kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi hamda «Turizm sohasida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish respublika markazi» davlat unitar korxonasi va Hindiston milliy gidlar federasiyasi tomonidan tashkil etilgan I Xalqaro O`zbekiston-Hindiston gidlar kongressi bo`lib o`tdi. Bu haqda turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu tadbir O`zbekiston va Hindiston hukumatlari o`rtasida erishilgan kelishuvlar asosida tashkil etildi. Kongressda mahalliy gidlar, turizm va madaniyat sohadagi davlat tashkilotlari vakillari, sayyohlik agentliklari, Hindiston va O`zbekistonning OAV vakillari ishtirok etdi.
Kongressning asosiy maqsadi - ishtirokchilarni turizm va ekskursiya faoliyati sohasida yangi qo`shma loyihalarni yaratish va amalga oshirishda malakali gidlar tayyorlash va ularni rag`batlantirishdan iborat. Kongressning dasturi esa muayyan bir mavzuiy tuzilish va yo`nalishga ega. Har bir bo`lim ma`lum bir mavzuga bag`ishlangan bo`lib, uning doirasida O`zbekistonning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini targ`ib qilish, turistik mahsulotni diversifikasiya qilish va hindistonlik sayyohlar uchun yangi ekskursiya dasturlarini ishlab chiqish, malakali gidlar tayyorlash sohasini takomillashtirish, kadrlar almashinuvi va boshqa ko`plab dolzarb masalalar o`rin olgan. Ma`lumot uchun: Assosiasiyalarning o`zaro hamkorligini rivojlantirishdagi birinchi qadam 2019 yilning 21 fevralida «III Xalqaro gidlar forumi»da ikki assosiasiya o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi memorandum imzolangan paytda amalga oshirilgan edi. Shuningdek, tadbir davomida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari v.b. Ulug`bek Qosimxo`jaev so`zga chiqdi.
"O`zbekiston va Hindistonni tarixiy va madaniy aloqalar, urf-odat va an`analar birlashtirib turadi va bu ikki tomonlama madaniy hamdaiqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga imkon beradi. Bu esa, o`z navbatida, mamlakatlarimiz o`rtasidagi ta`lim va turizm sohasidagi hamkorlikning konstruktiv va izchil rivojlanishiga yordam beradi. O`zbekiston-Hindiston I Xalqaro gidlar kongressi do`stona va hamkorlik munosabatlarni yanada rivojlantirish va rag`batlantirish uchun ilk platforma bo`ldi. Shunday ekan, biz hindistonlik hamkasblarimiz bilan qo`shma loyihalarni yaratib, ularni amalga oshirish uchun aniq qarorlar qabul qilishimiz kerak. Biz kongressning har bir ishtirokchisi o`zi uchun biror foyda - yangi bilimlar, aloqalar va o`z biznesini/yo`nalishini yo`lga qo`yish yoki rivojlantirish uchun turtki oladi deb umid qilamiz. Shuningdek,bunday tadbirlar sayyohlik mahsulotlarini differensiallash va mamlakatlarimizda MICE turizmini rivojlantirishga ko`mak beradi, deb ishonamiz", - dedi Ulug`bek Kasimxodjaev. Hindiston milliy gidlar federasiyasi prezidenti janob Ajay Singx O`zbekiston va Hindiston munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashda juda muhim bosqichda ekanini qayd etdi.
“O`zbekiston Hindiston uchun strategik sherik bo`lib, hindistonlik sayyohlar uchun istiqbolli sayyohlik joyidir. Kongressda hind sayyohlik biznesining 170 nafar vakili qatnashadi, ular mamlakatingizning sayyohlik salohiyati bilan tanishish, kelajakda uni Hindistonda ommalashtirish va shu orqali serquyosh va mehmondo`st o`lkangizga sayyohlar oqimini ko`paytirish tarafdori. Shuningdek, biz gidlar tayyorlash va ularning kasbiy faoliyati bo`yicha o`zbekistonlik hamkasblarimiz bilan tajribamizni baham ko`rishdan mamnunmiz, chunki biz ularni «dunyo elchilari» deb bilamiz va ularga alohida e`tibor qaratamiz. Ushbu kongress kelgusi aloqalarimiz va qo`shma loyihalarni amalga oshirish uchun birinchi qadam bo`ldi, deya umid qilamiz», - dedi Hindiston milliy gidlar federasiyasi prezidenti janob Ajay Singx. Bundan tashqari, tadbir doirasida Hindiston va O`zbekiston sayyohlik kompaniyalari o`rtasida B2B maydonini yaratish, Hindiston milliy gidlar federasiyasining XXII milliy kongressini o`tkazish, shuningdek ikki mamlakat gidlari o`rtasida mahorat darslari va tajriba almashishni ko`zda tutuvchi O`zbekiston shaharlari bo`ylab info-tur tashkil qilishrejalashtirishgan.
Kongress natijalariga ko`ra, Hindiston milliy gidlar federasiyasi vakillari O`zbekistonda gidlar malakasini oshirishda faol ishtirok etishlari va ularning Hindistonda amaliyot o`tashlari uchun sharoit yaratishga kelishib olindi. Ma`lumot uchun: Hindiston milliy gidlar federasiyasi Hindistonning turistik gidlar faoliyatini tartibga solish sohasidagi asosiy tashkilot bo`lib, Hindiston Turizm vazirligi homiyligida faoliyat ko`rsatadi. Ayni paytda Hindistonning 3500 dan ortiq milliy gidlari Federasiya a`zolaridir.
Ma`lumot uchun: Hindiston milliy gidlar federasiyasi Hindistonning turistik gidlar faoliyatini tartibga solish sohasidagi asosiy tashkilot bo`lib, Hindiston Turizm vazirligi homiyligida faoliyat ko`rsatadi. Ayni paytda Hindistonning 3500 dan ortiq milliy gidlari Federasiya a`zolaridir.
O`zbekiston gidlar assosiasiyasi 2019 yil 21 fevralda sertifikatlangan gidlarni birlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Uyushmaning asosiy vazifalari «gid» kasbini ommalashtirish, davlat va xususiy tuzilmalarda gidlar manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish, shuningdek, mahalliygidlarni tayyorlash hamda malakasini oshirishda qatnashishdan iboratdir.






