O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta`minlash, hamyurtlarimizning sohaga oid taklif, mulohaza va muammolarini zudlik bilan o`rganib chiqish, qolaversa, tizimda olib borilayotgan islohotlar borasida jamoatchilik fikrini o`rganish maqsadida Mudofaa vazirligida Fuqarolar qabulxonasi faoliyat boshladi.
Uning ochilish marosimida mudofaa vaziri o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov, boshqarma boshliqlari va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Qaytadan rekonstruksiya qilingan binoda joylashgan qabulxona shinam va yorug` bo`lib, zamonaviy texnologik vositalar bilan jihozlangan. Bu erda yosh bolali murojaatchilar uchun ham zarur sharoit yaratilgan: ona va bola xonasi bu borada onalarga yaxshigina ko`makchi vazifasini o`taydi. Keng va orasta majlislar zali, qabul qilish xonasi ham kishida yaxshi taassurot uyg`otadi. Buni ochilish marosimidan so`ng qabulxona bo`ylab qilingan sayohat davomida mehmonlarning ko`zida aks etgan qoniqish va mamnuniyatdan ham bilish mumkin.
Shu kuni general-mayor Azizbek Ikramov Xalq qabulxonasiga tashrif buyurgan fuqarolarni qabul qildi. Qabul davomida ellikka yaqin murojaatlar ko`rib chiqildi. Bir qator muammolar joyida bartaraf etildi.
– Men Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan keldim, – deydi marhum harbiy xizmatchi Norpo`lat Qurbonovning turmush o`rtog`i Iroda Aliboeva. – Ikki nafar farzandim bor. Hozirda qaynotamni uylarida yashab kelyapmiz.Hovlida yana ikki kelin bor. Farzandlarimiz katta bo`layapti. Ular ulg`aygan sari menga alohida uy qilish tashvishi tinchlik bermayapti. Shu boisdan Mudofaa vazirligiga murojaat qilib kelgandim. Hayriyat, noumid qilishmadi. Menga Surxondaryodan uy beriladigan bo`ldi. Shunchalik xursandman-ki, ta`riflashga tilim ojiz. Murojaatimni e`tiborsiz qoldirmagan Mudofaa vazirligi rahbariyatidan minnatdorman.
Keyingi murojaatchi Sojida opa Toirova ham Surxondaryodan kelibdi. Juda yosh beva qolgan ayol ikki o`g`il, bir qizni tarbiyalab, uyli-joyli qilgan. Hozirda ikki o`g`li ham harbiy xizmatchi. Biri Buxoroda, yana biri Nukusda xizmat qilayapti.
– Farzandlarim Vatan himoyachisi ekanligidan faxrlanaman, – deydi Sojida opa. – Ular mening ishongan tog`im, suyanchim. Qaerda bo`lsa ham boshi toshdan bo`lsin. Oxirgi vaqtlarda sog`lig`im pand berayapti. Yoshim bir joyga borib qolgan. Farzandlarimning yordamiga, g`amxo`rligiga muhtojman. Shu bois o`g`illarimdan birining xizmatini o`zimizni viloyatga ko`chirishni iltimos qilib keldim. Muddaomni aytishim bilan masalani ijobiy hal qilib berishdi. Quvonganimdan ko`z yoshlarimni tiyolmadim. Ilohim mana shunday sharoitlar yaratib, xalq dardini engil qilishga intilayotgan mamlakatimiz Prezidenti, u kishining ezgu siyosatini qo`llab-quvvatlayotgan Mudofaa vazirligi rahbariyatining bunday ijobiy ishlari bardavom bo`lsin, yaxshilarning umri uzoq bo`lsin.
Ha, shu kuni muammo, taklif va arizalar mudofaa vaziri o`rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan atroflicha o`rganib chiqildi. Eng asosiysi, murojaatchilarning hech biri bu dargohdan norizo bo`lib ketmadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






