Tumanning eng chekka hududlarida yashovchi aholining mavjud muammolarni o`rganish va qilinayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida 2019 yil 3 avgust kuni Xorazm viloyati xokimi F.Ermanov, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi mas`ul xodimi M.Ishbekov, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorazm viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri S.Berdiqilichov, viloyat prokurori J.Xatamov, viloyat DXX boshlig`i Sh.Malikov, viloyat IIB boshlig`i D.Nazarmuhamedovlar hamda viloyat va tuman karxona va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida “Nukus”, “Sarimoy”, “Gurlan”, “Hazorasp”, “Xiva” va “Xonqa” mahallalariga tashrif buyurib, sayyor qabullar o`tkazdi. Sayyor qabulga tashrif buyurganlar bu erda amalga oshirilayotgan ishlarni ko`zdan kechirib, mazkur hududda yashayotgan aholining turmush tarzi bilan yaqindan tanishib, aholini qiynab kelayotgan muammolari tinglandi.
Viloyat markazidan “Nukus” mahallasigacha bo`lgan masofa 155 km, “Sarimoy” mahallasigacha bo`lgan masofa 165 km, “Gurlan” mahallasigacha bo`lgan masofa 185 km, “Hazorasp” mahallasigacha bo`lgan masofa 190 km,, “Xiva” mahallasigacha bo`lgan masofa 195 km,va “Xonqa” mahallasigacha bo`lgan masofa jami 205 km.ni tashkil qiladi.
Jumladan, aholi muammolari bilan tanishish jarayonida Urganch-Toshkent avtomobil yo`lidan “Gurlan”, “Hazorasp”, “Xiva” va “Xonqa” mahallalariga olib boruvchi 1980 yillarda asfalt qilingan 30 km yo`l yaroqsiz holga kelib qolganligi aniqlanib, mazkur yo`lning 22 km.ni mukammal ta`mirlash rejalashtirilib, hozirgi kunda shag`al yotqizish ishlari boshlab yuborilgan.
Shuningdek, “Nukus”, “Sarimoy”, “Gurlan”, “Hazorasp”, “Xiva” va “Xonqa” mahallalaridagi ijtimoiy ob`ektlar, ichimlik suvi muammosi va aholini qiynab kelayotgan boshqa muammolar ham o`rganilgan.
Jumladan, viloyat xokimi F.Ermanov rahbarligidagi sayyor qabul qatnashgan mutasaddi rahbarlar dastlab, “Nukus” MFY hududida joylashgan 16-sonli umumta`lim maktabiga sport maydonchasi qurish, har hafta mazkur hududda TZP bozor tashkil qilish, haftada ikki marta fermerlar 30.000 so`mdan go`sht tarqatishi kerakligini aytib o`tdi. Shuningdek, baliqchilikni rivojlantirish, maktabda o`quv fanlar bo`yicha mutaxassis etishmayotganligi, ichimlik suv quvurlarini ta`mirlash, eskilarini yangisiga almashtirish, oqova suv masalasini hal qilish uchun nima ishlar qilinishi kerakligi yuzasidan maslahatlar va tegishli mutasaddi tashkilotlarga topshiriqlar berildi.
“Sarimoy” MFYda joylashgan 11-sonli o`rta maktabda o`tkazilgan sayyor qabul jarayonida fuqarolar tomonidan davolanish, ishga joylashish, moddiy yordam masalalarida aholiniko`rikdan o`tkazish, hududga UZI apparati o`rnatish, maktab o`quvchilarining uzoq masofadan qatnab kelayotganliklari yuzasidan murojaatlar kelib tushgan.
Xususan, mazkur qabul davomida fuqaro Jumaniyazova Xadicha davolanish, ishga joylashish, moddiy yordam masalalarida murojaat qildi. Ushbu murojaat yuzasidan viloyat xokimi tomonidan murojaat muallifining o`g`li Ulliboev Sardorni mazkur hududda jamoatchilik ishlariga bosh qilib qo`yish bo`yicha viloyat hamda tuman aholini bandlikka ko`maklashish markazi rahbarlariga topshiriq berilgan holda S.Ulliboevni ishga joylashtirish masalasi joyida hal qilindi. Shuningdek, X.Jumaniyazovani salomatligini tiklash maqsadida viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi rahbariga uni viloyat tibbiyot birlashmalarida tibbiy ko`rikdan o`tkazish topshirildi.
Bundan tashqari Arazdurdiev Allamurodning murojaati yuzasidan viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i Q.Tangriberdievga aholini tibbiy ko`rikdan o`tkazish bo`yicha mazkur hududga tibbiy ko`rik mashinasi yuborishni va tuman xokimiga shifokorlarni vaqtinchalik uy-joy bilan ta`minlash topshirildi.
Shuning bilan bir qatorda, Sarimoy MFYda istiqomat qilib kelayotgan turkman xalqi nuroniylari ro`yxatini shakllantirib, ularni viloyat “Turkman milliy markazi” bilan tanishtirish, hamda viloyatning buyuk qadamjolariga sayoxatga olib chiqish bo`yicha tuman hokimi va “Nuroniy” jamg`armasi rahbarlariga topshiriqlar berilib, tuman xokimining ijtimoiy soha bo`yicha o`rinbosariga milliy madaniyatni targ`ib qilish topshirildi.
Shuningdek, “Gurlan” mahallasida o`tkazilgan sayyor qabulda fuqarolar tomonidan quyidagi mazmundagi murojaatlar kelib tushdi. Jumladan, aholi o`zlari yashab kelayotgan uylarni ta`mirlashda, nafaqaga chiqishda, mahallada qishloq vrachlik punkti qurishda, hamda KVPni malakali shifokorlar bilan ta`minlashda va dorixona tashkil qilishda amaliy yordam berishni so`rashdi. Kelib tushgan murojaatlarning ham hal qilinishi yuzasidan tegishli tashkilatlarga topshiriqlar berildi.
Masalan, “Hazorasp” MFYda yashovchi fuqaro Ro`ziboev Qurbondurdi yashab kelayotgan uyini ta`mirlashda, nafaqaga chiqishda va bir necha yillar muqaddam Rossiya Federasiyasiga ketib qolgan o`g`li Ro`ziboev San`atni uyiga qaytarishda hamda, 12-sonli maktabda farrosh bo`lib ishlab kelayotgan qizi Qurbondurdieva Xosiyatning ish stavkasini oshirishda amaliy yordam berishni so`rab murojaat qildi. Mazkur murojaat yuzasidan viloyat hokimi boshchiligidagi guruh a`zolari murojaat muallifi Q.Ro`ziboevning “Hazorasp” MFYda joylashgan xonodoniga tashrif buyurib, uning oilaviy sharoiti bilan yaqindan tanishib, uning murojaatida ko`rsatilgan vajlar bo`yicha tegishli tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berilib, nazoratga olindi.
“Xiva” MFYda o`tkazilgan sayyor qabulda mahallada amalga oshirilayotgan ishlarni ko`zdan kechirildi va aholi turmush tarzi bilan yaqindan tanishib, aholini qiynab kelayotgan muammolari eshitildi.
Jumladan, fuqaro Xudoshkurova Muqaddas 14-sonli maktabni zamonaviy andozalar asosida ta`mirlab berilganligi sababli o`z minnatdorchiligini bildirib o`tdi. Shuningdek, fuqaro Allaberganov Muzaffar tomorqa er maydoni va kredit ajratib berishda amaliy yordam berishni so`radi. Kredit mablag`i ajratib berish uchun tumandagi hududga berkitilgan mas`ul bankga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Fuqaro Nurmetov Qodirbergan hududdagi Tuproqqal`a maishiy xizmat ko`rsatish kasb-hunar kolleji tugatilganligi sababli, o`zi va boshqa kollejning oliy ma`lumotli pedogog xodimlari ishsiz qolganligi bo`yicha ularni ish bilan ta`minlashda amaliy yordam berishni so`rab murojaat qildi. Mazkur masala yuzasidan viloyat va tuman aholini bandlikka ko`maklashish markazi hamda Xalq ta`limi bo`limi rahbarlariga hamkorlikda hududda mavjud bo`lgan o`rta ta`lim maktablarida mavjud bo`sh ish o`rinlarini aniqlab, ushbu murojaatda ko`rsatilgan talablarni qanoatlantirish va ularni mutaxassisligi bo`yicha joy-joyiga qo`yish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi. Shuningdek, fuqaro Nurmetov Qodirbergan mahalla hududda joylashgan madaniyat uyi binosi 2015 yilda “Bog`ot Don” AJ balansiga o`tkazib borilganligi, xozirda mazkur bino ta`mir talab ahvolga kelib qolganligi hamda, ushbu binoni qayta madaniyat uyi qilib tashkil qilishda va ta`mirdan chiqarishni so`rab murojaat qildi. Mazkur masala yuzasidan tuman hokimiga tegishli ko`rsatmalar berilib, binoni o`z xoliga keltirish bo`yicha topshiriq berildi.
“Xonqa” MFYda o`tkazilgan sayyor qabulda mahallada amalga oshirilayotgan ishlarni ko`zdan kechirildi va aholi turmush tarzi bilan yaqindan tanishib, aholini qiynab kelayotgan muammolari eshitildi.
“Xonqa” MFYda ham o`tkazilgan sayyor qabulda fuqarolar Usmanova Gavhar aholi xonodonlarini ichimlik suvi tarmog`iga ulashda, Abdullaev Farxod elektr energiyasi kuchlanishi pastligi sababli elektr energiyasi kuchlanishini yaxshilashda hamda ko`chalarga tungi chiroq o`rnatishda yordam berishni so`rab murojaat qilishdi.
Mazkur masalalar yuzasidan viloyat Tuyamo`yin-Urganch mintaqalararo korxonasi rahbariga aholini ichimlik suvi tarmog`iga ulanishida zarur jihozlarni etkazib xonodon egalari mablag`lari hisobidan ulab berish topshirildi. Shuningdek, tuman elektr korxonasi mutasaddilariga mahalla hududidagi tronsformatorlarni ko`rikdan o`tkazish, lozim bo`lsa yangisiga almashtirib, elektr energiyasi ta`minotini yaxshilash, hamda ko`chalarga tungi chiroqlar o`rnatish yuzasidan topshiriq berilib nazoratga olindi.
Sayyor qabullarda jami 52 ta murojaat kelib tushgan bo`lib, shundan 11 tasi joyida ijobiy hal qilingan, 41 ta murojaatni hal qilish uchun viloyat va tuman tashkilot rahbarlariga tegishli topshiriq va ko`rsatmalar berilib, har bir murojaatning ijrosi alohida nazoratga olindi.
Yuqorida ko`rsatilgan aniqlangan muammolar bajarilishi yuzasidan tegishli “yo`l xarita” lar ishlab chiqilib, tumanidagi “Gurlan”, “Hazorasp”, “Xiva” va “Xonqa” mahallalari 2020 yilda “Obod qishloq” davlat dasturiga kiritilishi rejalashtirildi va chora-tadbirlar belgilab olindi.






