7 avgust kuni Qozog`istondagi “Otar” 40-harbiy bazasi poligonida minomyotchilar hisobi o`rtasida “Artilleriya olovi ustasi”, uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari majmuasining taktik hisobi bo`yicha “Lochin ovi” hamda aloqa qo`shinlari mutaxassislari o`rtasida “Ishonchli usul” tanlovlarining ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston joriy yilda ikkinchi bor “Artilleriya olovi ustasi” xalqaro tanlovida ishtirok etmoqda. 2018 yili o`tkazilgan o`yinlarda o`zbekistonliklar ilk bor qatnashganiga qaramay mamlakat sha`nini munosib himoya qilib, ikkinchi o`rinni qo`lga kiritgan edi.
Joriy yilda esa g`oliblik uchun Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Venesuela, Zimbabve, Eron, Qirg`iziston, Qozog`iston, Rossiya, Suriya, Tojikiston va O`zbekiston jamoalari kurashadi.
Qur`a tashlash marosimidan so`ng, O`zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi “3-qizil” rang bilan, birinchi va ikkinchi individual hisoblar bo`yicha 1-navbatda qatnashadi (“Tungi sprint” va “Individual poyga”), estafetada esa 2-navbatda.
Kecha, shuningdek, barcha jamoalar o`rtasida “Individual poyga” bo`yicha 1-bosqichning dastlabki yo`nalishi hamda “Tungi sprint”ning 2-bosqich musobaqalari bo`lib o`tdi.
“Individual poyga”da ishtirokchilar 4 kilometr masofani bosib o`tishi va birinchi doirada 2B11 minomyoti hamda PKT pulemyotidan o`t ochish mashqlarini bajardi. Ikkinchi doirada esa 2B11 minomyoti, RPG-7V granatomyoti gamda AK-74 avtomatidan o`t ochishlarni amalga oshirishi kerak bo`ldi.
Har bir doirada minomyot hisoblari bir xil pozisiyadan otishi, biroq turli nishonlar va to`siqlarni bosib o`tishi kerak edi. To`siqlarni bosib o`tish natijalari dala arbitri tomonidan vizual kuzatish, shuningdek, stasionar video qayd etish vositasi orqali aniqlanmoqda.
O`zbekistonlik minomyotchilar “Individual poyga”ning 1-bosqichida dastlabki hisob jamoalari bo`yicha 3-o`rinni egalladi. Hozircha Qozog`iston jamoasi etakchilik qilmoqda, ikkinchi o`rinda esa — Rossiya. “Tungi spirnt”da esa O`zbekiston jamoasi 4-o`rinni egalladi.
O`zbekiston minomyotchilari keyingi bosqichlarda ishtirok etishga va faqat g`alaba qozonishga tayyor.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






