Bugun Surxondaryo viloyatining Termiz shahridan «O`zbekiston — Tojikiston — Xitoy» yo`nalishida yangi trasport kooridori bo`yicha tajriba-sinov avtokarvoni yo`lga chiqdi.
Ushbu avtokarvon O`zbekiston va Tojikistondan Xitoyga yuklarni to`g`ridan- to`g`ri etkazib berish imkoniyatlari va tranzit salohiyatining mavjud biroq to`liq foydalanilmayotgan quvvatlarini namoyon etib beradi.
“Termiz — Dushanbe — Qashg`ar” yo`nalishi bo`yicha tashkil etilayotgan ushbu avtokarvon O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 apreldagi “Yuk va yo`lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash yuzasidan amalga oshirilmoqda.
Mazkur avtokarvonda har uchala davlatdan ikkitadan katta hajmli yuk avtomobillari ishtirok etishmoqda. “Termez Cargo Centr” logistika terminalidan yuk ortgan jami 6 ta avtomobil “Termiz (O`zbekiston Respublikasi) – Dushanbe, Vahdat, Ko`lob, Qal`ai Xumb, Xorug`, Kulma (Tojikiston Respublikasi) – Qashg`ar (Xitoy Xalq Respublikasi) yo`nalishida harakatlanib umumiy hisobda 1422 km masofani bosib o`tadi.
Ushbu loyiha avtomobil transportida xalqaro tashishlarni amalga oshirish yo`nalishida davlatlar hamkorligini yanada rivojlantirib, savdo- iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishiga o`zining ijobiy hissasini qo`shadi.






