O`zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari Ozodbek Nazarbekov "Daryo" nashriga intervyu berdi.
Ozodbek Nazarbekov 2017 yilda konsert bermasligini e`lon qilganida, muxlislar orasida «Ozodbek Nazarbekov konsert faoliyatini yakunlashiga Yulduz Usmonovaning sahnaga qaytishi sabab bo`ldi», mazmunidagi gap-so`zlar tarqalgan edi. Jurnalist Feruz Muhammad bilan suhbatda san`atkor ushbu savolga batafsil javob bergan.
— San`atsevar xalqimiz uchun Yulduz Usmonovaning sahnaga qaytishi juda katta bo`shliqni to`ldirganini e`tirof etishim mumkin. Lekin konsertni to`xtatishimga Yulduz Usmonovaning aloqasi yo`q. O`zi umuman bu hodisani Yulduz Usmonovaning sahnaga qaytishi bilan bog`lash juda ham noo`rin bo`lsa kerak. 2017 yilda Xalqlar do`stligi san`at saroyida bo`lib o`tishi kerak bo`lgan konsert kunlarimni o`z ixtiyorim bilan Yulduz Usmonovaga taqdim etganman, - deydi Ozodbek Nazarbekov. — Ushbu yil hali Madaniyat vazirligida lavozimga tayinlanishim yoki "Yoshlar" teleradiokanaliga direktor bo`lishim haqida ham gap-so`z yo`q edi. Asosan bahor oyida konsert kunlarini band qilar edik. O`sha yilda shunchaki sahnaning munosib egasi qaytganligi, men ham konsert faoliyatimni shu yilda to`xtatsam, muxlislar uchun juda katta bir o`zgarish bo`lmasligi, o`sha bo`shliqni Yulduz Usmonova bemalol, ortig`i bilan to`ldirishi mumkinligini o`ylagan holda, o`zim qaror qilganman. 2017 yilda dam olish maqsadi bo`lgan, bu degani ‘konsert faoliyatimni butunlay to`xtataman, bundan keyin umuman konsert bermayman, degan maqsad bo`lmagan. Konsert dasturini tashkil qilib yurganlar meni juda yaxshi tushunishadi, bu jarayon juda katta, mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Buning mas`uliyati juda ham og`ir. To`g`risi, mana shu katta mashaqqatli mehnatdan bir yil bo`lsa ham dam olish ma`nosida shu qarorni qabul qilgan edim.