AsosiyMadaniyat

"Kushon xazinasi" – nodir topilmalar ko`rgazmasi

'"Kushon xazinasi" – nodir topilmalar ko`rgazmasi'ning rasmi

«O`zbekiston – buyuk yo`llar va sivilizasiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat» madaniy meros haftaligi doirasida kecha Toshkentdagi Badiiy san`at galereyasida ish boshlagan "Kushon xazinasi" ko`rgazmasida Surxondaryo viloyatining Dalvarzintepa shaharchasida olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida topilgan “Dalvarzin oltinlari” jamlanmasi namoyish etilmoqda. Undagi bir-biridan chiroyli, eramizdan oldingi davrlar ruhiyatini o`zida jo etgan nodir ashyolar, qimmatbaho taqinchoqlar va maishiy ro`zg`or buyumlari mehmonlar e`tiborini jalb qilmoqda.


1972 yilda akademik E. Rtveladze ishtirokidagi qazishmalar chog`ida arxeologlar guruhi hudud tarixidagi eng yirik topilma – jami og`irligi 36 kilogramm bo`lgan tilla buyumlar xazinasini topishga muvaffaq bo`lishgandi. Bu topilmalar eramizdan oldingi 1 asrga taalluqli ekanligi taxmin qilingan bo`lib, shu kungacha davlat fondlarida saqlanib kelingan. Bu nodir boyliklar mustaqillik yillarida ko`rgazmalarda namoyish etilmagan. Madaniy merosimizga alohida e`tibor qaratilayotgan ayni kunlarda ushbu xazina xalqimiz va yurtimiz mehmonlari e`tiboriga hvola etildi.


Yangi ochilgan ko`rgazmaning noyob eksponatlaridan biri – oltin pektoral (grivna) bo`lib, unda Gerakl tasviri tushirilgan. Bo`yinga, ko`krakka taqiladigan hayvonlar timsoli aks etgan tilla taqinchoqlar, ajoyib oltin baldoqlar, zebigardon, uzuk va ziraklarda eramizning IV asrida Hindistonning shimoli va Markaziy Osiyoning janubida (Baqtriya, Sug`diyona) keng tarqalgan kxaroshtxi alfavitida bitilgan yozuvlar bitilgan. Bu noyob eksponatlarni nafaqat chet ellik olimlar, sayyohlar, balki hamyurtlarimiz ham katta qiziqish bilan tomosha qilmoqda.


Oldin bunday ko`rgazmalarda nodir eksponatlarni rasmga tushirishga ruxsat berilmasdi. Ushbu ko`rgazmaning boshqalardan farqi qimmatbaho buyumlar, qadimgi timsollar aks etgan haykalchalarni va sopol ko`zachalarni bemalol rasmga tushirish va ijtimoiy tarmoqlarda ulashish mumkin.
O`zbekistonning muzeylaridagi Kushonlar davridaga oid turli-tuman asori atiqalar ko`rgazma ekspozisiyalarida ilk bor namoyish etilmoqda.

"Kushon xazinasi" ko`rgazmasi 10 kun davomida faoliyat olib boradi. Chiptalar narxi 3000 so`m bo`lib, unga hamyurtlarimiz, barcha fuqarolar o`z farzandlari bilan tashrif buyurishlari mumkin.

Manzura BEKJONOVA

    Boshqa yangiliklar