AsosiyShou-biznes

“Mustaqillik tengdoshlari” nomli ko`rgazma ish boshladi

Toshkent Fotosuratlar uyida O`zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan “Mustaqillik tengdoshlari” nomli ko`rgazma tashkil etildi. Unda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari Sarvinoz Qosimova va Baxtiyor Serekeevning ijodiy ishlari namoyish etilmoqda.
Ko`rgazmaning ochilishida O`zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda hech kimdan kam bo`lmagan barkamol avlodni voyaga etkazish, yosh iqtidor egalarini kashf etish va ularni rag`batlantirishga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. Davlatimiz rahbarining shu yil 6 fevraldagi «O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori bu borada dasturilamal bo`lmoqda.
Mazkur qaror va “Sog`lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 2014 yilda ko`plab yosh musavvirlarning ijodiy ko`rgazmalari tashkil etildi. Mazkur loyihalar davomida yosh ijodkorlarning mahorati mutaxassislar tomonidan baholandi, ularga san`at sirlarini puxta egallashlarida yo`l-yo`riqlar berildi. Ushbu ko`rgazma ham shunday tadbirlardandir.
S.Qosimova chizgan rasmlarda ayollarga xos nafis tuyg`ular o`z ifodasini topgan. “So`qoq ko`chalari”, “Suv osti mo``jizalari”, “Nurga to`lgan bog`” kabi asarlarda yosh musavvirning Vatanga bo`lgan mehri, tabiat go`zalligiga oshuftaligi yaqqol ko`rinadi.
B.Serekeevning “To`yga”, “Mening dardim, mening umidim” kabi ijodiy ishlari yorqin chizgilari, kompozision jozibasi bilan tomoshabinda katta taassurot qoldiradi. Uning asarlari har yili O`zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etiladigan Tasviriy san`at haftaligi va “Tabiat va rassom” ko`rgazmasi ekspozisiyalarida namoyish etib kelinmoqda.
– Ona diyorimizning go`zalligini asrash har birimizning insoniy burchimizdir, – deydi Baxtiyor Serekeev. – Shu bois chizgan rasmlarimda tabiatning boy ne`matlarini qadrlash lozimligini uqtirishga harakat qilaman. Zero, toza ekologiya salomatligimiz garovidir. 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar