Chexiyaning janubi-sharqida joylashgan Brno shahar shifoxonasi vrachlari bir necha oy davomida miya o`limi tashxisi qo`yilgan homilador ayolning hayotiy muhim funksiyalarini qurilmalar yordamida saqlab turdi va kesarcha kesish yo`li bilan sog`lom bola dunyoga keltirildi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar qiladi.
Hozirda vazni 2,1 kilogramm tug`ilgan qizaloq polisiyachi bo`lgan otasining nazorati ostida. Onasi vafot etgan chaqaloqning oilasini qo`llab-quvvatlash uchun jamoat mablag`larini yig`ish kampaniyasi boshlandi.
Shifoxona vakili Pavel Jaraning so`zlariga ko`ra, ayolda homiladorlikning 16-haftasida miya o`limi tashxisi kuzatilgan. Ammo shifokorlar uning hayotiy funksiyalarini hech bo`lmaganda 24-haftaga qadar, chaqaloq hayotga layoqatli deb hisoblangan paytgacha qurilmalar bilan ushlab turishga qaror qilgan.
Shifoxonaning ma`lumotlariga ko`ra, shu paytgacha dunyoda 10 ga yaqin holatlarda shifokorlar homilador ayollarga miya o`limidan so`ng sog`lom bolalarni tug`ishga yordam berganligi qayd etilgan. Ammo tug`ruqdan so`ng bu ayollar vafot etgan.