AsosiyShou-biznes

“Toshkent quvonchlari” xalqaro biennalesi ochildi

Yoshlar ijod saroyida “Toshkent quvonchlari” V xalqaro bolalar rasmlari biennalesi ochildi, deya xabar bermoqda O`zA.
O`zbekiston Badiiy akademiyasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Tashqi ishlar hamda Xalq ta`limi vazirliklari tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro ko`rgazmaning ochilish marosimida madaniyat va san`at namoyandalari, o`quvchi- yoshlar ishtirok etdi.
O`zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G`aniev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ta`lim va yosh avlodni sog`lom hamda barkamol etib tarbiyalash, yosh iste`dod sohiblarini har tomonlama qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. Mamlakatimizda tashkil etilayotgan tanlov va badiiy ko`rgazmalar iste`dodli o`g`il-qizlarni aniqlash va rag`batlantirishga xizmat qilmoqda.
2006 yildan buyon o`tkazilib kelinayotgan “Toshkent quvonchlari” xalqaro biennalesining asosiy maqsadi bolalar ijodini qo`llab-quvvatlash, ularning iste`dodini yuzaga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratishdan iborat. Biennale xorijiy davlatlar yoshlarining xalqimiz hayoti, milliy an`analar va qadimiy shaharlarimiz haqidagi tasavvurini boyitishga ko`maklashmoqda.
Bu galgi ko`rgazmada o`zbekistonlik yosh rassomlar bilan birga AQSh, Xitoy, Qozog`iston, Rossiya, Malayziya, Latviya, Hindiston, Ozarbayjon, Misr, Isroil, Fransiya kabi dunyoning 26 mamlakati bolalarining uch mingdan ortiq ijodiy ishlari namoyish etilmoqda. Ularning ijodiy ishlari “Bolalar dunyosi”, “Mening Vatanim”, “Men yashayotgan dunyo”, “Mening orzuim” va “O`zbekiston mening nigohimda” kabi mavzularga bag`ishlangan.
Sakkiz yoshli Samira Shuhratbekova ushbu biennaleda ikkinchi marta ishtirok etmoqda. Uning avvalgi ishlari hakamlar hay`ati tomonidan yuqori baholanib, YuNISEF tomonidan nashr etiladigan “Bolalar dunyoni chizadi” albomiga kiritilgan.
– Rasmlarimda Vatanimiz tabiatini tasvirlaganman, – deydi S.Shuhratbekova. – Ko`rgazmada yurtimiz va boshqa mamlakatlardagi tengdoshlarim ijodi, ularning orzulari va O`zbekiston haqidagi tasavvurlari bilan tanishmoqdaman.
Ko`rgazmaning yopilish marosimida topshiriladigan Gran-pri biennale ishtirokchilari uchun oliy mukofot hisoblanadi. Shuningdek, turli nominasiyalar bo`yicha ettita oltin, kumush va bronza medallari to`plami topshiriladi.
“Toshkent quvonchlari” xalqaro biennalesining ochilish marosimida bolalar ijodiy jamoalarining konsert dasturi namoyish etildi.

    Boshqa yangiliklar