AsosiyDunyo

Taniqli bloger 21 yoshida saratondan vafot etdi

'Taniqli bloger 21 yoshida saratondan vafot etdi'ning rasmi

Turkiyalik taniqli bloger Neslijan Tay 21 yoshida saraton xastaligi sabab vafot etdi. Uning vafoti mamlakat rasmiylari tomonidan ham qayg`u bilan qarshilandi. Istanbul hokimi Ekrem Imomo`g`lu ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga blogerning suratini joylashtirib, uning oila a`zolariga hamdardlik tiladi.

Neslijan Tay 2017 yil qishlarida oyog`ida og`riqlar seza boshlaydi. Bir necha bor shifokorlarga murojaat qiladi. Doimiy ravishda sport bilan shug`ullanib kelgan 18 yashar Tayga shifokorlar shunchaki pay cho`zilishi bilan bog`liq tashxis qo`yadilar. Mart oyiga kelib tekshiruv natijalari uning saraton xastaligiga chalinganini isbotlaydi.

O`sha yili Neslijan universitetga kirish fikridan ham qaytadi. To`g`rirog`i, xastalik, davolanish bunga imkon bermaydi. O`sha yilning o`zida besh marta kimyo terapiyasini boshdan kechiradi. Afsuski, o`zgarish yaxshi tarafga bo`lmaydi. Shifokorlar uning chap oyog`ini kesish orqali xastalikni davolash yo`lini tanlaydilar.

U o`zining YouTube’ga joylashtirgan videolaridan birida shunday deydi:

“Operasiyadan chiqqanimda o`zimni hamma narsasini boy bergandek his qildim. Oyog`imni, sochlarimni yo`qotdim. Eng yomoni saratonning yana qaytmasligiga kafolat yo`q. Tengdoshlarim universitetda o`qishni boshlarkan, men shifoxonadan qora xaltada kesilgan oyog`imni olib uyga qaytdim. Ammo shz oldimga yashashda davom etishim kerak degan maqsadni qo`ydim.

Men baribir yashashdan charchamadim. Kurashdim. 2018 yilning iyun oyida esa hayot yana bir “sovg`a”ni ulashdi. Menda yana saraton aniqlandi. Bu safar esa operasiya foydasiz edi. O`sha kecha tuni bilan yig`ladim.

Hayot menga bu qadar sinovlarni berarkan, men universitetga kirishni yana kechiktirishni to`g`ri deb bilmadim. Hali qaddimni tutib turishni eplolmay turib, imtihonlarga bordim va universitetga o`qishga qabul qilindim. Istanbulga kelib joylashdim, bir vaqtning o`zi muolajalar davom etdi”.

2018 yilning dekabr oyidan Neslijan YouTube’ga ilk videosini joylashtiradi va bu video millionlab kuzatuvchilar tomonidan tomosha qilinadi. Ayni vaqtda uning doimiy obunachilari 300 mingdan ortgan.

Neslijan Tay saraton bilan umrining oxiriga qadar kurashdi. Kuni kecha u yana shifoxonaga yotqizildi. Olib borilgan muolajalar natija bermadi. U 20 sentyabr oqshomida vafot etdi. Uning vafotidan keyin eng so`nggi videosi e`lon qilindi. Unda bloger saratondan qutilmasligi va hayotga qaytmasligini bir kun ham o`ylamagani, faqat va faqat u bilan kurashgani va hayotdan zavqlanib yashashga harakat qilganini aytadi.

    Boshqa yangiliklar