1

“Mahallada duv-duv gap 2” badiiy filmining taqdimoti o`tkazildi

Madaniyat 28.09.2019, 11:10
“Mahallada duv-duv gap 2” badiiy filmining taqdimoti o`tkazildi

2019 yilning 27 sentyabr kuni soat 18:00da “Mahallada duv-duv gap 2” badiiy filmining keng jamoatchilik uchun taqdimoti o`tkazildi. Bu haqda "O`zbekkino" milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Premeradan avval ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Jurnalistlar ishtirokida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida ushbu filmga mehnati singgan taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov nomi yodga olindi, xotirlandi, film ijodkorlari s`yomka jarayonlari bilan bog`liq voqealarni yodga olishdi. Shuhrat Abbosov ishlagan filmlar haqida gapirildi. “Mahallada duv-duv gap 2” badiiy filmining taqdimotida kinokartina ijodiy guruhi tomoshabinlarga tanishtirildi. Shundan so`ng “Mahallada duv-duv gap 2” badiiy filmi tomoshabinlarga taqdim etildi.

O`zbekning mashhur filmi – “Mahallada duv-duv gap”ni 7 yoshdan 70 yoshgacha bo`lgan odam borki, barcha birday sevib tomosha qiladi. Yangi filmni ham o`sha qadrdon film rejissyori Shuhrat Abbosov sahnalashtirgan. Ulug` kino arbobining so`nggi filmini sahnalashtirish tashabbusi bilan “Dono productions” kinostudiyasi chiqdi. Bu tashabbusni “O`zbekkino” Milliy agentligi qo`llab-quvvatladi. Ssenariy muallifi - Shoira G`iyosova.

Umrining so`nggi ikki yilini mazkur filmni yaratishga bag`ishlagan marhum kinorejissyor Shuhrat Abbosov chin ijodkor 85 yoshida ham nimalarga qodir bo`lishini isbotlay oldi. Matubuot anjumanida filmning yaratilish tarixi va undan ko`zlangan maqsad haqida batafsil ma`lumot berildi. Film prem`erasida keng jamoatchilik vakillari va film ijodkorlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida so`zga chiqqanlar mamlakatimizda boshqa sohalar qatori kinosanoati rivojiga berilayotgan alohida e`tibor haqida alohida gapirib o`tishdi. O`zbek kinosining durdonalaridan biri – “Mahallada duv-duv gap” komediyasining bugungi talqini - “Yana mahallada duv-duv gap” filmida marhum Shuhrat Abbosov zamon nafasini to`liq aks ettirishga, o`zbekona beg`ubor xarakterlarni keng ochib berishga harakat qilgan.

Bosh qahramon Lochinbek muvaffaqiyatli tadbirkor. U ikki ukasi va yolg`iz onasi – mahallaning jonkuyar raisi Xosiyatning baxtli umr kechirishlari uchun tinmay mehnat qiladi. Biroq, bu oilaning yutuqlaridan hamma ham birday quvonmaydi. Filmda kutilmagan voqealar, tuhmat balosi va yana ko`plab qiziqarli syujetlar borki, uni bir nafasda ko`rib tugatasiz.

Rejissyor Shuhrat Abbosov o`zining so`nggi filmida odamlar tilining uchida turgan muammolar, hayotdagi turfa fe`l insonlar munosabatini zo`r mahorat bilan tasvirlaydi. “Yana mahallada duv-duv gap” kinofilmiga taniqli aktyorlar ansambli yig`ilgan. Yangi iqtidorlar ham kashf etilgan. Albatta, yuksak iste`dod egasi bo`lgan rejissyor filmida har qanday aktyordan astoydil ishlash talab etiladi. “Dono productions” studiyasi tomonidan rejissyorlar Shuhrat Abbosov va Nozim Abbosov tomonidan suratga olingan “Mahallada duv-duv gap 2” badiiy filmi “O`zbekkino” Milliy agentligi Badiiy kengashining 2018 yil 7 iyuldagi 07/19-20-son majlis bayoniga asosan ishlab chiqarishga tushirilgan. Ushbu film o`zbek kinosining darg`asi, kinorejissyor Shuhrat Abbosovning ijodidagi so`nggi filmidir.

“Mahallada duv-duv gap 2” kartinasi o`zbek kinosining oltin fondidan joy olgan “Mahallada duv-duv gap” filmining mantiqiy davomi bo`lib, mahalla oqsoqoli ayol kishi bo`lishiga qaramay, o`z oilasi tashvishlari barobarida mahallaning katta muammolarini hal etishi engil yumor orqali aks ettirilgan. “Mahallada duv-duv gap - 2” kinofilmining asosiy voqealari Farg`ona viloyati (Farg`ona, Marg`ilon, Qo`qon shaharlari, Rishton, O`zbekiston tumanlari) va Toshkent shahrida tasvirga olindi. Bosh qahramon, mahalla fuqarolar yig`ini raisi – Xosiyat opa va uning uch nafar o`g`li atrofida ro`y beradigan voqealar orqali, umuman respublikamizda so`nggi yillarda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, mahalliy aholi ongida ro`y bergan ma`naviy o`zgarishlar, ertangi kunga bo`lgan ishonchning ortishi jarayoni yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlanadi.

Filmda bosh qahramon rolini Dilbar Ikromova, uning uch o`g`lini – yosh aktyorlar Erkin Bozorov, Sur`at Islomov, Abbos Ibragimovlar gavdalantirgan. Aktyorlar jamoasi tarkibida Gulchehra Jamilova, Muqaddas Holiqova, Muyassar Berdiqulova, Madina Muxtorova, Valijon Shamsiev, Dilshodbek Kattabekov, Mohira Nurmatova, Shodiya To`xtaeva, Shirin Ismoilova, Laziza Nozimxonova, Zebiniso Holiqova, Kumush O`ktamova kabi o`nlab xalqimiz suygan ijodkorlar bor.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1