1

Qashqadaryoda Birinchi xalqaro anor festivali bo`lib o`tmoqda

Madaniyat 29.09.2019, 20:00
Qashqadaryoda Birinchi xalqaro anor festivali bo`lib o`tmoqda

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Varganza qishlog`ida birinchi xalqaro «Anor» agrofestivali bo`lib o`tmoqda. Festival ochilishi arafasida OAV vakillari qatorida «Daryo» xodimlari ham Qashqadaryoga jo`nab ketdi. Festival 26 sentyabrda boshlandi va 1 oktyabrgacha davom etadi.

Tadbir O`zbekiston Prezidentining 2018 yil 13–14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Shahrisabz shahrini festivallar shahriga aylantirish bo`yicha topshirig`i yuzasidan o`tkazilmoqda.

27 sentyabr, juma kuni festival ishtirokchilari Qashqadaryo xalqaro investisiya forumiga tashrif buyurishdi. Shuningdek, jurnalistlar va xorijiy mehmonlar Shahrisabzning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirildi.

Tadbirning eng ahamiyatli voqeasi shuki Shahrisabrzning Koba tarixiy qadamjosida Italiyaning Kazerta shahri meri va Qashqadaryo viloyati hokimi o`rtasida turizm sohasidagi hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo`lib o`tdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan festival kunlari Shahrisabz shahri va Kitob tumanida birinchi turizm qishlog`ining ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

28 sentyabr, shanba kuni Anor festivali Varganza qishlog`ida o`z faoliyatini davom ettirdi.

Anor festivaliga 15 ta xorijiy mamlakatdan mehmonlar ishtirok etmoqda. Yirik festivalga kelgan sayyohlar va OAV vakillari Varganza qishlog`idagi anorzorlarga borib, mevalarni terish jarayonlari bilan tanishdilar.

Ma`lumot o`rnida, 20 ming kishi istiqomat qiladigan Varganza butun respublikaga o`z anori bilan mashhur. Qishloqda anor eksporti bilan shug`ullanuvchi 30 nafar tadbirkor faoliyat yuritadi. Ayni paytda qishloqda ming gektar maydonda anor mavjud bo`lsa, shundan 350 gektari fermer va dehqon xo`jaligi egalariga tegishli. Qolgani qishloqda yashovchi aholi tomorqasida ekilgan.

Yuqoridagilardan tashqari dasturdan «Kitob kenglik» observatoriyasiga sayohat, Yakkabog`da ko`pkari, kurash musobaqalari hamda milliy liboslar namoyishi o`rin olgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1