1

Rossiyada o`zbek kinosi kunlari bo`lib o`tmoqda

Madaniyat 02.10.2019, 11:54
Rossiyada o`zbek kinosi kunlari bo`lib o`tmoqda

Shu kunlarda (1-5 oktyabr kunlari) Rossiyada (Moskva va Qozon shaharlarida) “O`zbek kinosi kunlari” bo`lib o`tmoqda. O`zbekistondan 30 sentyabr kuni jo`nab ketgan 34 nafar delegasiya vakillari Moskva shahrida o`z ijodiy jarayonlarini boshlab yuborishdi. Tadbirlarga hozirda Rossiyada istiqomat qilayotgan O`zbekistonlik kinoijodkorlar ham tashrif buyurishmoqda.

“O`zbekkino” Milliy agentligi, Rossiya Federasiyasi Madaniyat vazirligi va O`zbekiston Respublikasining Moskva shahridagi Elchixonasi tomonidan o`tkazilayotgan ushbu tadbir ikkala davlat uchun ham kino san`ati sohasidagi hamkorlik borasida keng yo`l ochadi.

Bundan tashqari kino kunlarini o`tkazishdan maqsad, Rossiyada o`zbek kinematografiyasini ommalashtirish, tarixi hamda madaniyati yaqin bo`lgan xalqlar o`rtasida do`stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

–Kino kunlari doirasida biz “O`zbekkino” va Rossiyaning yirik kinokompaniyalari o`rtasida qo`shma kino loyihalarini tashkil etish bo`yicha qator memorandumlar imzolashni rejalashtirmoqdamiz, turli yillarda yaratilgan va ayni paytda Rossiyaning “Gosfilmofond”ida saqlanayotgan o`zbek filmlarini qaytarish bo`yicha muzokaralar olib boramiz, – dedi O`zbekiston delegasiyasiga rahbarlik qilayotgan “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Mamlakatimiz uchun bo`lg`usi kinokadrlarni shakllantirishning muhimligini anglagan holda, O`zbekiston delegasiyasi tarkibiga bir guruh iqtidorli yoshlar ham kiritildi. Ular uchun VGIK, Mosfilmga tashriflardan tashqari Rossiya kino san`atining ko`zga ko`ringan ustalari ishtirokida mahorat saboqlari va treninglar ham o`tkazamiz.

Rossiyada O`zbek kinosi kunlari O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 2018 yil oktyabr oyida bo`lib o`tgan uchrashuvi yakunlari bo`yicha iqtisodiyotimizning ko`plab sohalarida do`stlik va hamkorlikni mustahkamlash hamda 2019-2024 yillarda iqtisodiy hamkorlik dasturining qabul qilingan chora-tadbirlari doirasida o`tkazilmoqda.

Shunday ekan, Rossiyada O`zbek filmlari haftaligi Rossiyada yashovchi rus tomoshabinlari va O`zbek diasporasi vakillariga katta ekranda yangi o`zbek kinosini tomosha qilish, kartinalar ijodkorlari bilan suhbatlashish, o`zbek kinosi tendensiyalari bilan tanishish imkonini beradi. Dastur so`nggi yillardagi eng yaxshi professional badiiy va hujjatli filmlarni o`z ichiga oladi.

Taniqli aktyorlar: O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Matyoqub Matjonov, Fotih Jalolov, Rajab Adashev, Karim Mirxodiev, yosh aktyorlar Adiz Rajabov, Xusan Rashidov, aktrisa Feruza Saidovalarning ushbu delegasiya tarkibida borligi Moskvalik o`zbek kinosi muxlislarini juda quvontirdi.

“O`zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida taniqli kinorejissyorlar Rustam Sa`diev, Umid Hamdamov, Sarvar Karimov va boshqa yosh rejissyorlar Moskvalik professional kinorejissyorlar bilan kino sohasidagi aloqalarini rivojlantirish va hamkorlikda filmlar olish bo`yicha muzokaralar olib borishmoqda. "O`zbekkino" MA Axborot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1