AsosiyJamiyat

Bu manzillar ko`plab tarixiy voqealar guvohi bo`lgan

'Bu manzillar ko`plab tarixiy voqealar guvohi bo`lgan'ning rasmi

Bu manzil o`z davrida Buyuk Ipak yo`lidagi asosiy bekat hisoblanib, ko`p tarixiy voqealarning guvohi bo`lgan.

Tarixiy solnomalarda jahonga mashhur sarkarda va yirik davlat arboblari Sohibqiron Amir Temur, Bobur, Shayboniyxon, Abdullaxon hayoti bilan bog`liq voqealarda ham bu maskan ko`p tilga olingan.

Hozir ham Samarqanddan Buxoroga yoki aksincha, Buxorodan Samarqandga o`tayotgan sayyohlar bu manzilda biroz to`xtab, nafas rostlaydi. Suratlarga tushadi.

photo5235717219072191224.jpg

Ayni vaqtda robotda o`z vaqtida hammani hayratlantirgan bezaklar va binolarning qoldiqlarigina qolgan bo`lsa-da, sayyohlar nimalarnidir qidirib, o`z tillarida “chug`ur-chug`ur” qilishadi.

– Bizga yurtingizni har bir qadamjosi qiziq, – deydi singapurlik Xi Meng. – O`zbekistonning buyuk ipak yo`lida joylashgani haqida kitoblarda o`qiganimizda olgan taassurotlar kelishimizga sabab bo`ldi. Hozircha Xiva va Samarqandda bo`ldik. Bizga o`zbek taomlari yoqdi. So`zana tikuvchilar, sopol buyumlar yasovchi ustalarni san`at asarlari bilan tanishdik. Juda ajoyib. Endi Navoiyga keldik. Aydarko`l sohillarida va cho`ldagi o`tov haqida eshitdik. U erda bir kecha mehmon bo`lish niyatimiz bor.

photo5233671650703158216.jpg

Eng qizig`i, guruhda yigirma nafardan ziyod sayyoh bo`lib, ular sinfdoshlar ekan. Maktabni bitirganiga 50 yil bo`lishi munosabati bilan O`zbekistonga sayohat uyushtirilganini aytib berishganda, juda quvondik.

Kela olmagan do`stlari uchun ko`plab suratlar va videolar olishibdi. Kelgusi yil boshqa do`stlarini ham olish kelishga va`da berib, biz bilan xayrlashishdi.

Shu tariqa diydorlashuv bayramni o`tkazish uchun O`zbekistonni tanlagan sayyohlarni uchratgan manzil yurtimizning javohiriga aylangan ikki shaharni bog`lab turuvchi Navoiy viloyatidagi qadimiy karvon yo`li bo`yida joylashgan Raboti Malik (Shoh Raboti) karvonsaroyi va undan biroz narida joylashgan yagona obi hayot manbai Raboti Malik Sardobasidir.

– Shoh Raboti XI asrning 70-yillarida Qoraxoniylardan bo`lmish Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim qurgan bo`lib, XII asrning birinchi choragida Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon ta`mirlagani haqida ma`lumotlar mavjud, – deydi Navoiy viloyat Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig`i Javlon Hasanov. – XX asrning 70-yillari o`tkazilgan arxeologik tadqiqotlar vaqtida bu noyob binoning murakkab tuzilishi aniqlandi. U 100×100 m maydonni egallagan bo`lib, mustahkam devorlar bilan o`ralgan va ikki qismga bo`lingan. Uning me`moriy shakli va bezaklari, juda hashamatli bo`lib, karvonsaroydan ko`ra shoxlar saroyini eslatadi.

photo5233671650703158214.jpg

Raboti Malik Buxoro va Samarqand oralig`ida Sharqu G`arbni bog`lovchi joyda qad rostlagani bois, o`z davrida muhim ahamiyat kasb etgan. Necha yillar, asrlar karvonlar va savdo uchun qulay joy hisoblangan Raboti Malikdan hozirda faqatgina peshtoq qolgan, xolos.

Karvonsaroy XVIII asrgacha xizmat qilib kelganini tarixchilar qayd etishmoqda.

Hozirda katta avtomobil yo`lining narigi tarafida qolgan Sardoba bus-butunligicha saqlangan. Forscha “Sard” - sovuq, “oba”-suv ma`nosini bildiradigan bu inshoot suv tanqis erlarda qurilgan maxsus hovuz bo`lib, gumbaz shaklida bo`lgan.

Uning devori silindir shaklida bo`lib, hovuzining aylana devori erdan 12 metr chuqurlikka qadar pishiq g`ishtdan qurilgan bo`lib, suvning chuqurligi esa 15-18 metrni tashkil etgan.

photo5233671650703158215.jpg

Pishgan g`isht va gildan ishlangan sardobaga kirish uchun eshik ham o`rnatilgan. Unda muzday toza suv butun yoz bo`yi saqlangan. XVI asrdagi mualliflardan biri Raboti Malik sardobasining suvini Makkadagi Zam-zam suviga qiyoslagani ham bor gap.

Ayni vaqtda suvi ichish uchun yaroqli bo`lmasa-da, Sardobada obi-hayot yig`ilmoqda. Suvni toza saqlash uchun old tomoni devor bilan o`ralgan, Malik sardobasi o`z vaqtida juda nodir qurilish inshoot hisoblangan.

Qayd etish joizki,tarixiy ma`lumotlarda Movarounnahrda 44 sardoba bo`lgani, shundan 29 Qarshi cho`lida, 3 Mirzacho`lda, 3 Farg`ona va Toshkentda hamda bittasi Karmana yaqinida bo`lgani asoslab berilgan.

Shundan ko`rinib turibdiki, Malik Rabot sardobasi Samarqand va Buxoro oralig`idagi cho`llarda yagona obi-hayot manbai hisoblangan.

Ayni vaqtda Malik Rabot va Sardobani BMTning maorif, ilm-fan va madaniyat bo`yicha bo`limi YuNESKOning ro`yxatiga kiritish ishlari olib borilmoqda. Tashkiliy ishlar 2020 yilda yakunlanishi aytilmoqda.

    Boshqa yangiliklar