Hindistonning Rojaston shtatidagi Bxilvara shahrida yashovchi erkak tanasi yoqish uchun dafn gulxaniga joylashtirib bo`lingach hushiga keldi, deb xabar bermoqda daryo.uz nashri The Daily Mailga asoslanib.
72 yoshli Dipak Singx o`z hovlisida sigirlarni oziqlantirib turganda hushidan ketib qolgan. Voqea joyiga chaqirilgan shifokor u vafot etganini qayd etgan. Singx yoqish uchun barcha narsa shay holga keltirilib, qarindoshlari an`anaviy qo`shiqlarni kuylay boshlagan vaqtda hushiga kelgan.
Uning nevarasi Banda Nalvaning so`zlariga ko`ra, qo`shiq ovozi balandlashgach, Singx qimirlay boshlagan. Keyin esa ko`zlarini ochgan va o`tirgan. Qarindoshlari unga erga tushishga yordam bergan.
«Umid qilamanki, ular meni yana yoqib yuborishga urinishdan oldin haqiqatdan ham o`lishimni kuta olishadi», − dedi keyinroq Dipak Singxning o`zi.
Ma`lumot uchun, marhumning jasadini gulxanda yoqib dafn qilish udumi asosan Varanasidagi Ganga daryosi qirg`oqlarida yashovchi hinduiylar orasida keng tarqalgan.





