AsosiyDunyo

O`ZBEKISTON A`ZO BO`LGAN TURKIY KENGAShNING BAYROG`I O`ZGARADIMI?

'O`ZBEKISTON A`ZO BO`LGAN TURKIY KENGAShNING BAYROG`I O`ZGARADIMI?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasining   Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (Turkiy kengash)ning Boku shahrida bo`lib o`tadigan ettinchi sammitida to`la huquqli a`zo sifatida ishtirok etishi kutilmoqda.

Ma`lumki, 14 sentyabr kuni  O`zbekiston Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Senatining 22-yalpi majlisida ma`qullangan “Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashini tuzish to`g`risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikasiya qilish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni imzolangan edi.

Tarixga nazar tashlasak, 1992 yildan boshlab, turkiy tilli davlat rahbarlari sammiti o`tkazila boshlagan. 

2009 yil 3 oktyabr kuni Ozarboyjon Respublikasining Naxichevan shahrida mazkur sammit negizida turkiy tilli respublikalar hamkorligi kengashini (Turkiy kengash) tuzish to`g`risida Ozarboyjon, Turkiya, Qirg`iziston va Qozog`iston o`rtasida bitim imzolangan edi.

2012 yil 25 avgust kuni Qirg`iziston poytaxti Bishkek shahrida Turkiy tilli davlat rahbarlari Turkiy Kengashning bayrog`ini tasdiqladilar. Unda o`sha paytda ushbu tashkilotga a`zo bo`lgan to`rt davlat (Ozarboyjon, Turkiya, Qozog`iston, Qirg`iziston)bayroqlaridan ma`lum timsollar saralab olingandi. Jumladan Qozog`iston bayrog`idan moviy rang, Qirg`iziston bayrog`idan quyosh ramzi, Turkiyaning bayrog`idan hilol va Ozarboyjon bayrog`idan sakkiz qirrali yulduz olingan. 

O`zbekiston endi ushbu xalqaro tashkilot tarkibiga beshinchi a`zo davlat bo`lib kirdi. Mantiqan o`ylab ko`rilsa, demak tashkilot bayrog`iga ham endi o`zgartirish kiritish kerak bo`ladi. Unda avvalgi to`rt davlat ramzidagi timsollar joy olgan ekan, O`zbekiston bayrog`idan ham biror timsol joy olishi lozim. Xo`sh, unda bizning bayrog`imizdan qaysi unsur bu xalqaro bayroqqa kiritilishi maqsadga muvofiq? Balki, Turkiy kengash bayrog`i markazidagi sakkiz qirrali yulduz atrofida bizning 12 ta yulduzimizni joylashtirish kerakdir? 

Nima bo`lgan taqdirda ham bu siyosiy voqea mamlakatimiz va turkiy tilli mamlakatlar hayotida katta ijobiy o`zgarishlarga sabab bo`lishiga umid qilamiz. 

    Boshqa yangiliklar