AQSh Suriya shimolidagi hududlardan o`z harbiylarini olib chiqishni boshladi. Bu haqda Euronews.com nashri xabar berdi.
Yaqin vaqt orasida Turkiya ushbu hududda kurd qurolli koalisiyasiga qarshi keng ko`lamli harbiy operasiya boshlamoqchi. Kurd qurolli koalisiyasi IShID terrorchilariga qarshi faol kurash olib borgan. Hatto AQSh kurdlarga qurol-yarog` etkazib turgan. Biroq rasmiy Anqara ayni damda ularni Turkiya milliy xavfsizligiga tahdid sifatida ko`rmoqda va chegara oldi hududlarini ushbu kuchlardan tozalash niyatida ekanligini ma`lum qildi. “Biz harbiy operasiyaga tayyorgarlik jarayonini yakunladik va barcha buyruqlar berildi. Hujumni bugun yoki ertaga boshlaymiz. Ushbu operasiyada armiyaning quruqlikdagi va harbiy-havo kuchlari ishtirok etadi”,- deya ta`kidladi mamlakat prezidenti Rajeb Toyib Erdog`an.
Ma`lumotlarga ko`ra, AQSh Suriya shimolidagi Tel-Ab`yad va Ras-el-Ayn aholi punktlaridagi kuzatuv postlarini to`ltq evakuasiya qilgan. Reyter ma`lumotlariga ko`ra, Pentagon kurd kuchlarini qo`llab-quvvatlamasligini ma`lum qilgan. Kurdlar esa AQShning ushbu harakatini avvalgi erishilgan kelishuvlarning qo`pol ravishda buzilishi sifatida baholagan. Ular shuningdek Turkiya hujum boshlagan taqdirda ommaviy urush harakatlarini olib borish bilan tahdid qildi. Ayrim kuzatuvchilar Turkiyaning Suriya shimoliga bostirib kirishi mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishi va hattoki IShIDning qayta tiklanishiga olib kelishi mumiknligidan xavfsirashmoqda. Sababi aynan kurdlar so`nggi yillarda terrorchilik guruhlarining hujumlariga qarshi muvaffaqiyatli ravishda kurash olib borgan.