Joriy yilning 7 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri va Andijon viloyatida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan 2019 yil 1 oktyabrga qadar xorijdan keltirilgan yuk avtotransport vositalariga bojxona imtiyozlarining qo`llanilmaganiga doir xabarlar tarqatildi.
Davlat bojxona qo`mitasi mazkur xabarlarga aniqlik kiritib, quyidagilarni ma`lum qildi.
Murojaatlardan birini Andijon viloyati Paxtaobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Muqimjon Yo`ldoshev yo`llagan bo`lib, unda ta`kidlanishicha xorijdan 2019 yil 29 sentyabrda keltirilgan yuk avtotransporti uchun imtiyozlar qo`llanilmaganligini qayd etgan.
Mazkur holat o`rganilganda, ushbu fuqaro ta`kidlagan, Ukrainadan keltirilgan yuk tortgich va yarim tirkama 29 sentyabr kuni “Dout ota” chegara bojxona posti orqali yuk ortilgan holda yurtimizga kirib kelgan.
Amaldagi tartiblarga ko`ra, respublikamizga chegara bojxona postlari orqali chetdan olib kirilgan tovar va transport vositalarini import bojxona rejimiga rasmiylashtirish tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida amalga oshiriladi.
Ushbu holatda ham mazkur yuklar “Yukni etkazib berish nazorat kitobchasi” asosida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Toshkent tovar” TIF bojxona postiga nazoratga qo`yilgan va 2019 yil 3 oktyabr kuni ushbu postga etib kelgan.
Shundan so`ng ushbu postda yuklar tushirilib, transport vositalarining rasmiylashtiruvi transport vositasi egasining joylashgan manzili bo`yicha rasmiylashtirilishi sababli, mazkur post xodimlari transport vositasini 2019 yil 4 oktyabrga qadar etkazish sharti bilan “Andijon” TIF bojxona postiga yuborishgan va ushbu sanada transport vositasi mazkur postga etib kelgan.
O`zbekiston Respublikasi Bojxona Kodeksining 3-moddasiga asosan bojxona ishida bojxona organi bojxona deklarasiyasini va boshqa hujjatlarni qabul qilib olgan kuni amalda bo`lgan qonun hujjatlari qo`llaniladi.
Mazkur kodeksning 264-moddasiga muvofiq, bojxona deklarasiyasi qabul qilinganligini rasmiylashtirish u topshirilgan kunda, ro`yxatdan o`tkazish orqali amalga oshiriladi. O`sha paytdan boshlab, u yuridik ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagi holatda transport vositalari O`zbekiston Respublikasi hududiga 2019 yil 1 oktyabrga qadar kirib kelishidan qat`iy nazar, ularni bojxona rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklarasiyalari 2019 yilning 1 oktyabridan keyin bojxona organlariga taqdim qilinganligi sababli ushbu tovarlarga bojxona imtiyozlari qo`llanilmaydi.
Chunki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5755-son Farmoniga muvofiq meva-sabzavot mahsulotlarini tashishga ixtisoslashgan transport vositalari uchun berilgan bojxona imtiyozlari 2019 yil 1 oktyabrdan bekor qilindi. Shuni alohida ta`kidlash joizki, mazkur Farmon talablarini aholiga etkazish maqsadida 3 oy oldin ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritildi.
Shuningdek, Farmonda 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab qishloq xo`jaligi texnikalari, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishdafoydalaniladigan butlovchi qismlari, material va texnologik jihozlari importida qo`shilgan qiymat solig`idan imtiyozlar bekor qilinishi keltirib o`tilgan.
Yuqoridagilarga ko`ra, bojxona xodimlari tomonidan bugungi kunda ushbu turdagi import qilinadigan transport vositalariga bojxona to`lovlaridan imtiyoz qo`llanilishi uchun huquqiy asos mavjud emasligi va belgilangan tartibda bojxona to`lovlari to`lanishi lozimligi yoki istalgan boshqa bojxona rejimlariga joylashtirish huquqi mavjudligi fuqaro Muqimjon Yo`ldoshevga tushuntirildi.
Davlat bojxona qo`mitasi bojxona organlari faoliyatiga doir xolis va haqqoniy xabarlarni e`lon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan o`zaro hamkorlikka tayyor ekanligini ma`lum qiladi.