1

Go`sht qimmatligiga kim aybdor? (Feleton)

Mutolaa 11.10.2019, 15:34
Teglar: go`sht, qimmat
Go`sht qimmatligiga kim aybdor? (Feleton)

Xotini Abdujabborga dedi:

- Go`sht tugaganiga bir hafta bo`ldi. Qozonga bir tishlam go`sht solmasangiz, ovqat ovqatga o`xshamaydi.

- Yaqinda ikki kilo go`sht keltirib bergan edim-ku. Darrov tugadimi? Go`shtga qaraganda qo`lingni barakasi ochiladi. Sal-pal qarab ishlatsang bo`lmaydimi, – dedi Abdujabbor.

- Go`shtni o`zingiz o`lchab bera qoling, – dedi xotini jahli chiqib.

- Ota-bobolarimiz ham doimo go`sht emagan-ku. Go`shtsiz qancha taom pishirishni ixtiro qilishgan. Sen ham oshqovoq, lavlagi, loviya, tuxum ishlatib ovqat pishirgin. Vitamini ham o`zida. Undan tashqari go`sht kam esang, qarimaysan. Qara, go`shtni bahosi ham osmonga chiqib ketdi. Ellik ming so`m-a. Sho`ro hukumati zamonida bu pulga beshta engil avtomashina berardi.

- Menga “leksiya” o`qimasdan go`sht olib keling.

- Qassoblarning nafsi ham hakalak otib ketdi, – dedi Abdujabbor. – Kun sayin go`sht narxini oshiradilar. Bitta molni so`yib, bir million so`m foyda qoldirmasalar, qo`llariga pichoq olishmaydi.

- Boring, bu gaplarni qassobga aytasiz, – dedi xotini.

Abdujabborning go`sht do`koniga kelib jon-poni chiqib ketdi:

- Ellik besh ming so`m, deysanmi? Yaqinda ellik mingdan sotayotgan edilaring-ku.

- Ancha vaqtdan beri go`sht olmaganga o`xshaysiz-a, – dedi qassob. – ellik besh mingga chiqqaniga o`n besh kun bo`ldi.

- Sizlarda insof qolmagan o`zi. Pichog`im moy ustida, deb narxni oshiraverasanlar. 

- Narx oshishiga men aybdor emasman,– dedi qassob. – Menga molini qimmat sotgan odam aybdor. O`shani yoniga boraqoling!

- Meni sirayam aybim yo`q,– dedi qassobga mol sotgan odam. – Emning bahosini oshirib yubordilar. Emlar ham sifatsiz. Bu em bilan mol semirtirish qiyin. Go`sht narxining oshishiga em sotayotgan do`konchilar aybdor.

- Mening unga zarracha aloqam yo`q, – dedi em sotuvchi. – Zavoddan emni qimmat narxda olayapmiz. Aybdorlarni em ishlab chiqarayotgan zavoddan axtaring!

- Emni qimmat sotayotganimiz rost, – dedi zavod mutasaddisi. – Sababi xom-ashyosi qimmat, buning ustiga yangi soliq chiqdi. Elektr energiyasi narxi ham oshdi. Ishchilarning oyligini ko`tardik. Biz zarar hisobiga em sotsak, bankrot bo`lamiz. Yaxshisi aybdorni em ozuqasini etishtiruvchi fermerlardan izlang!

- Bizning go`sht narxi oshishida mutlaqo aybimiz yo`q, – dedi fermer. – Ozuqa etishtirish o`ta qimmatga tushmoqda. Yoqilg`i narxi ko`tarildi. O`g`itning narxi ikki baravar oshdi. Ishchilarga ko`ngildagidek haq bermasangiz, fermerga kelishmaydi. Ustiga-ustak suv ham kam bo`lib qoldi. Asosiy aybdor miroblar. Suv bersa hosilimiz mo`l bo`larmidi.

- Mening mutlaqo aybim yo`q, – dedi mirob.  Suvning oz-ko`p bo`lishi menga bog`liq emas. U xudoga bog`liq. Xudo bersa, suv ko`p bo`ladi. Bermasa...

Abdujabbor yana qassob huzuriga keldi:

-Aybdorni topdingizmi, – dedi qassob go`shtlarni ajratarkan.

-Yo`q, – dedi Abdujabbor. – Go`shtning boriga shukur! Bir kilo tort!

Bardi JUMANIYoZOV.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1