AsosiyMadaniyat

Bahodir Yo`ldoshev: “Gulbahorning aktrisa sifatidagi baxtsizligi — mening rafiqam ekanligida”

'Bahodir Yo`ldoshev: “Gulbahorning aktrisa sifatidagi baxtsizligi — mening rafiqam ekanligida”'ning rasmi

Kinoshunos Shoira Raufboeva o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali “Qo`qon shamoli” badiiy filmining navbatdagi posterini xavola qilar ekan, ushbu filmda kinodagi eng so`nggi va yorqin rolini ijro etgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Gulbahor Yo`ldoshevani xotirladi.

“Aytishadiki, buyuk san`atkorlar o`zining er yuzidagi ishlarini chala tashlab ketmas ekan. Bunga shaxsan o`zimda ham bir nechta san`atkorlar taqdiri misolida ko`rib-guvoh bo`lgan voqealar bor... 

Gulbahor Yo`ldosheva ana shunday butun san`atkordardan biri edi... U haqda turmush o`rtog`i , O`zbekiston Davlat san`at arbobi , rejissyor Bahodir Yo`ldoshevning bergan bahosi eng haqqoniy deb bilaman. U Gulbahor opaning ijodiga baho berar ekan, “Gulbahorday aktrisa hozirgi davrda yurtimizda balki ikkitadir,balki bitta. Bitta bo`lsa u, ikkita bo`lsa bittasi u. Faqat uning aktrisa sifatidagi baxtsizligi — mening rafiqam ekanligida” — degan edi. 

Haqiqattan ham, Gulbahor opa o`zining hayotdagi va ijoddagi o`rnini juda yaxshi bilar va undan tashqari kimning rafiqasi ekanligini ham yaxshi anglar edi. Aktrisa sifatida o`ziga har narsani, har bir rolni ham ravo ko`ravermas, juda talabchan san`atkor edi. Gulbahor opa “Qo`qon shamoli” badiiy filmiga taklif qilishganda, taklifni bajonu-dil qabul qildi. Sog`lig`i pand berayotgan bo`lsada, ijodiy guruhni tashlab ketmadi. Davolanish uchun Hindistonga yo`l olar ekan, balki aynan shu film uchun, bitmay qolgan ishi uchun qaytib kelgandir deb o`ylayman. Shu o`rinda “opa tuzalib qaytadi, men nima bo`lsa ham u kishini kutaman” — deb , “aktrisani almashtirarsiz” — degan takliflarni rad etib, Gulbahor opaning qaytishiga katta umid bildirgan rejissyor Dilmurod Masaidovdan minnatdor bo`laman. Gulbahor opa “Qo`qon shamoli”da rolini shunday ijro etganki... Uning prem`erada bo`lmasligini, bu rolni ekranda hech qachon o`zi ko`ra olmasligini o`ylashning o`ziyoq qattiq og`riq beradi ko`ngilga. Filmning yopiq namoyishida men bilan yonma-yon o`tirgan kinorejissyor Qamar Kamalova “shunday aktrisaning qadriga etmabmiz... u qancha yorqin, xarakterli rollar o`ynashi, obrazlar yaratishi mumkin ediya” — deb chekkan afsuslariga guvoh bo`ldim. Endi esa chorasiz imkonni faqat bir narsa ovutadi... U ham bo`lsa, hech bo`lmasa “Qo`qon shamoli”dagi Mingoyim borku o`zbek kinosida..Gulbahor Yo`ldosheva shu roli bilan o`zbek kinomuxlislari xotirasida qoladi... Asosiysi shu...”, — deya fikrlarni yakunlaydi Shoira Raufboeva.

Filmda Gulbahor Yo`ldosheva Amir Umarxonning volidai muhtaramasi Mingoyim qiyofasida gavdalangan. "Qo`qon shamoli" badiiy filmi 15 noyabrdan yurtimiz kinoteatrlarida taqdim etiladi.

 

 

    Boshqa yangiliklar