Bugun don, un va non etkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to`liq joriy etishga oid Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Bu haqda huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiev o`z kanalida ma`lum qilib o`tgan.
Qarorda aytilishicha:
• joriy yilda 7 mln tonnadan ortiq g`alla etishtirilgan;
• I nav unning ulgurji va chakana narxlarini ma`muriy tartibda belgilash natijasida un ishlab chiqaruvchi tashkilotlar har bir tonna undan salkam 900 ming so`m zarar ko`rmoqda.
Shunga ko`ra, 2019 yil 15 oktyabrdan quyidagi tartib o`rnatiladi:
— «O`zdonmahsulot» AK tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo`naltiriladigan bug`doydan boshqa g`alla iste`molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi;
— davlat xaridlari doirasida sotib olingan bug`doyni qayta ishlashdan olinadigan un barcha iste`molchilarga hech qanday cheklovlarsiz 100 foiz oldindan to`lovni amalga oshirish orqali ochiq birja savdolarida sotiladi;
— un narxi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida 2019 yil hosilidan tayyorlangan bug`doyning tonnasi un ishlab chiqarishga 1 mln 300 ming so`mdan ulgurji narxlarda sotiladi. Bunda, bug`doyning o`rtacha xarid narxi va ulgurji narxi o`rtasidagi 120 ming so`m miqdoridagi salbiy farq Moliya vazirligi tomonidan qoplanadi.
2019 yil 1 oktyabrdan boshlab un va qolipli non xarid qilish bo`yicha qo`shimcha xarajatlarni qoplash uchun to`lanayotgan pul kompensasiyasi ko`paytiriladi.
Jumladan, quyidagilar 50 ming so`mga oshadi:
— yoshga doir va nogironligi bo`yicha nafaqa;
— boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga);
— bolalikdan nogiron bo`lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa;
— 16 yoshgacha bo`lgan nogiron bolalar va 18 yoshga to`lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa;
— belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchi har bir pensiya oluvchiga beriladigan har oylik pul kompensasiyasi;
— mahallalar tomonidan 2 yoshgacha bo`lgan bolalar parvarishi uchun tayinlangan nafaqa;
— moddiy yordam oluvchi oilaga beriladigan har oylik pul kompensasiyasi;
— 14 yoshgacha bo`lgan bolalari uchun tayinlangan nafaqa;
— belgilangan eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilarning nafaqa va pensiyalari.
Qoraqalpog`iston, viloyatlar va Toshkent shahri prokurorlari chakana savdo shaxobchalarida un va qolipli nonning iste`molchilarga uzluksiz etkazib berilishi ustidan kunlik qat`iy nazorat o`rnatadi hamda 2020 yil 1 yanvargacha har haftada Prezident Administrasiyasi va Vazirlar Mahkamasiga tahliliy ma`lumotlar kiritib boradi.