AsosiyJamiyat

Nukuslik o`quvchi yoshlar o`rtasida yangicha harbiy musobaqa o`tkaziladi

'Nukuslik o`quvchi yoshlar o`rtasida yangicha harbiy musobaqa o`tkaziladi'ning rasmi

Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi tashabbusi bilan shu yilning 19 oktyabr kuni nukuslik o`quvchi yoshlar o`rtasida harbiylashgan sport musobaqasi bo`lib o`tadi.

Ushbu musobaqa yoshlarga e`tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to`g`ri foydalanish ko`nikmasini shakllantirish, yoshlar o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta`minlash masalalariga qaratib O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni hayotga tatbiq etish maqsadida o`tkaziladi.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonining kubogi uchun tashkil etilayotgan “Yosh vatanparvarlar” harbiy sport estafetasida Nukus shahridagi 10 ta maktabning yuqori sinf o`quvchilari ishtirok etishi belgilangan. Musobaqada bitta jamoadan 3 nafardan o`g`il va qiz bolalar qatnashadi.

Bellashuv Nukus garnizonidagi mini-poligonida bo`lib o`tadi. Musobaqa shartiga ko`ra ishtirokchilar razvedkachilarning to`siqli yo`lagidan o`tishi, BTR-80da me`yor bajarishi, avtomatni noto`liq qismlarga ajratish va yig`ishi hamda o`qdonni o`q dorilar bilan to`ldirishi, granata uloqtirishi, merganlik mahoratini sinovdan o`tkazishi, ommaviy qirg`in qurollaridan himoya vositalarini kiyishi belgilangan. Shuningdek, ishtirokchi qizlar shartli yaradorga tibbiy yordam ko`rsatishi va radioaloqani ishga hozirlashi zarur.

Barcha me`yorlarni bajarishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi ta`minlanadi.

G`olib va sovrindor jamoalar okrug qo`shinlari qo`mondonining maxsus sovg`a va kuboglari bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, harbiy sport estafeta doirasidan harbiy xizmatchilarning ko`rgazmali chiqishi, qurol-aslaha va harbiy texnika namoyishi hamda konsert dasturi o`rin olgan.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

 

 

 

Boshqa yangiliklar