Olti kundan so`ng “Sog`lom bola” yili tugaydi. Lekin u ko`pchilik mashhurlarning umr daftari sahifalarida zarhal harflar bilan jajji farzandining qo`lidan tutish baxtiga muyassar bo`lgan onlarini muhrladi. O`sha hayajonga to`la onlarni yana bir bor eslashga jazm qildik...
1. Bugungi kunda deyarli barcha xonandalarni turnaqator qilib, navbatga turishga majbur qilayotgan, oshig`i olchi bo`lib qolgan klipmeyker Narimon SULTONXO`JAEV 2014 yilda o`g`il farzandli bo`ldi. Yaxshi niyat bilan Arslon deb ism qo`ydi.
2. «Sitora» guruhining ikkinchi tarkibida bo`lgan va hozirda ZAMZAMA taxallusi bilan ijod qilayotgan xonanda 24 yanvar kuni ikkinchi bor onalik baxtiga erishdi. Xonanda ikkinchi qiziga Go`zal deb ism qo`ygan.
3. O`zbek Milliy akademik drama teatri va kino aktrisasi — O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Shodiya TO`XTAEVA 6 martda farzandli bo`ldi. Aktrisa ayni vaqtda Maryamxonning tarbiyasi bilan band.
4. Shodiyaning ko`zi yorigan tug`ruqxonada mahoratli raqqosa — O`zbekiston xalq artisti Saida MANSURXO`JAEVA ham farzandli bo`ldi.
5. Bu yil O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoniga sazovor bo`lgan raqqosa Muhabbat QURBONOVA 9 aprel kuni ikkinchi bor ona bo`ldi. Qiziga yaxshi niyat bilan Shirin deb ism qo`ydi.
6. “Baxt kelsa qo`shaloq keladi”, degan naql O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon G`ANIEVAning hayotida o`z isbotini topdi. 5 may kuni xonanda birvarakayiga egizaklarni bag`riga bosdi. Rayhon va Yigitali farzandlariga Imron va Islom ismini tanlashdi.
7. Akasining qayinsinglisiga uylangan xonanda Zoxirshoh JO`RAEV 2 iyulda qizlik bo`ldi.
8. Ijodiga qaraganda, shaxsiy hayotida ko`proq omadga erishgan xonanda Sherbek ShODIEV 10 iyul sanasida qizlik bo`ldi. Xonandaning onasi yaxshi niyat bilan chaqaloqqa Maryam deb ism qo`ydi.
9. O`tgan yili bo`ydoqlar safidan chiqqan “Afruz” guruhi xonandasi Jamshid UMAROV 4 noyabrda farzandli bo`ldi. Qiziga Sofiya ismini tanlashdi.
10. “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informasion boshlovchisi Arevat GRIGORYaN 15 noyabrda ikkinchi bor onalik baxtiga erishdi. Ikkinchi o`g`liga Ayub deb ism qo`ydi.
11. Yozgan she`rlari taniqli xonandalar tomonidan qo`shiq qilinishi orqali tanilgan, 10 dekabr kuni “Turkiston” saroyida ijodiy kechasini o`tkazgan shoir Ahad QAYuM 5 oktyabr kuni o`g`illi bo`ldi. Farzandiga Akbarali ismini ma`qul topishibdi.
12. Sobiq afsonaviy «Setora» guruhining vakillaridan biri Feruza LATIPOVA noyabr oyida ikkinchi bor onalik baxtiga erishdi. Xonanda anchadan buyon chet elda istiqomat qiladi.
13. O`z ishining ustasi — klipmeyker Yodgor NOSIROV 11 dekabr kuni farzandli bo`ldi.
14. O`z vaqtida talabgor aktyorlar uchligining eng oldida turgan, biroq so`nggi paytlarda kamnamo Ulug`bek QODIROV ham 2014 yilda farzandli bo`ldi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi





