AsosiyJamiyat

Elektr energiyasi hisoblagichlarini qiyoslashdan o`tkazish tartibini bilasizmi?

'Elektr  energiyasi hisoblagichlarini qiyoslashdan o`tkazish tartibini bilasizmi?'ning rasmi

Qiyoslashdan o`tkazish uchun qaerga murojaat qilish kerak?

Davlat xizmatlari markazlariga (DXM) jismoniy va yuridik shaxslar shaxsan o`zlari borib yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda murojaat etadilar. Bunda, maishiy iste`molchilardagi hisoblagichlarni qiyoslashdan o`tkazish uchun DXMlarga yoki YaIDXPga hududiy elektr tarmoqlari korxonasi (HETK) murojaat etadi.

Hisoblagichni echish, qiyoslashdan o`tkazishga topshirish hamda qayta o`rnatish ishlari bilan kim shug`ullanadi?

Hisoblagichni echish, qiyoslashdan o`tkazishga topshirish va o`rnatish HETK tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda barcha jarayonlarda MIBning hududiy bo`linmalari HETK bilan hamkorlik qiladi, hisobga olish uskunalariga tamg`a (plomba) qo`yadi.

Hisoblagichlar har yili qiyoslashdan o`tkaziladimi?

Yo`q. 2019 yil 1 noyabrdan boshlab hisoblagichlarni qiyoslash davriyligi jismoniy shaxslar uchun - 8 yil (hozir 4 yil), yuridik shaxslar uchun - 4 yil  (hozir 2 yil)ni tashkil etadi.

1 noyabrga qadar berilgan qiyoslash sertifikatlari nima bo`ladi?

Ushbu sertifikatlarning amal qilish muddati o`z kuchida qoladi.

Hisoblagichning qiyoslash  muddati kelganini qaerdan bilsa bo`ladi?

Hisoblagichning qiyoslash sertifikatida uning amal qilish muddati ko`rsatilgan bo`ladi. Bundan tashqari, HETK tomonidan 30 kun oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirish beriladi.

Qancha to`lov to`lanadi?

•  jismoniy shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 20 foizi (44 600 so`m);

•  HETKdan (maishiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaxslar uchun) BHMning 15 foizi (33 450 so`m);

•  yuridik shaxslardan BHM 1,5 baravari (334 500 so`m) miqdorida yig`im undiriladi.

Eslatma: YaIDXP orqali murojaat qilinganda, yuqoridagi summalarning 90 foizi miqdorida yig`im undiriladi.

To`lovlar qaerga to`lanadi?

DXMlarga murojaat qilinganda ushbu markazlardagi kassalarga,  YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa to`lov ushbu portal orqali amalga oshiriladi.

Qiyoslashdan o`tkazish uchun qancha vaqt ketadi?

Bu 3 bosqichda amalga oshiriladi:

•  1-bosqich – so`rovnoma (ariza) kelib tushganidan so`ng 5 ish kunida hisoblagich echib olinadi;

•  2-bosqich - 3 ish kuni ichida metrologiya xizmati tomonidan hisoblagich qiyoslashdan o`tkaziladi;

•  3-bosqich - qiyoslashdan o`tkazilgandan keyin 3 ish kuni ichida o`rnatiladi.  

Qiyoslashdan o`tkazishda hisoblagich yaroqsiz ekanligi aniqlansa nima bo`ladi?

Hisoblagichning yaroqsizligi haqidagi metrologiya xizmatining xabarnomasi asosida HETK hisobga olish uskunasini 3 ish kunida ta`mirlash yoki yangisiga almashtirish chorasini ko`radi.

Hisoblagichni ta`mirlash yoki yangisiga almashtirish xarajatlarini kim to`laydi?

Hisoblagichni ta`mirlash yoki yangisiga almashtirishga doir sarf-xarajatlar HETK tomonidan qoplanadi.

Hisoblagichlar qiyoslashdan o`tkazish uchun echib olinganda to`lovlar qanday hisoblanadi?

Etkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob hisoblagich echib olingunga qadar bo`lgan oldingi 3 hisob-kitob oyidagi o`rtacha sarfdan kelib chiqib aniqlanadi.  

Hisoblagichni qiyoslashdan o`tkazilganligi bo`yicha biror bir hujjat beriladimi?

Ha. Metrologiya xizmati tomonidan hisoblagichning qiyoslashdan o`tkazilganligi haqida sertifikat beriladi.

    Boshqa yangiliklar