Bugun O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining Xalq deputatlari Bo`stonliq tumani Kengashi deputati K.Dusovning kuni kecha fayzbog.uz axborot kanaliga bergan intervyusi yuzasidan rasmiy bayonoti e`lon qilindi.
Unga ko`ra, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi shuni ma`lum qiladiki, K.Dusovning partiya a`zoligidan chiqish haqidagi murojaati ma`lumot uchun qabul qilindi.
Uning ijtimoiy tarmoqlar va ayrim saytlardagi chiqishlarida partiya Ustaviga rioya etmaganligi, shuningdek partiya obro`siga putur etkazuvchi axborotlarni tarqatgani uchun, partiya imijini oshirishga to`sqinlik qiluvchi harakatlarni amalga oshirgani uchun, ko`p ming sonli partiya a`zolarining K.Dusovga nisbatan partiyaviy chora ko`rish haqidagi murojaatlarini inobatga olgan holda 2019 yil 1 noyabr kuni bo`lib o`tadigan partiyaning navbatdagi S`ezdida xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatligiga ko`rsatiladigan nomzodlar tarkibidan chiqarilganligini ma`lum qilamiz.
Xalq deputatlari Bo`stonliq tumani Kengashi deputati tomonidan partiya rahbari nomiga aytilgan asossiz, shaxsiy g`araz maqsadlariga tayangan bo`htonlar deputatning shaxsiga baho berish uchun keng jamoatchilikka etarli bo`lishini inobatga olib, partiya ushbu masalani muhokama uchun mavzu emas, deb xisoblaydi.
Huquqiy jihatdan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 40-41 moddalariga muvofiq, sudga murojaat qilish uchun barcha dalillar va asoslarning mavjudligiga qaramasdan partiya rahbari ushbu huquqdan foydalanmaslikni maqsadga muvofiq, deb hisoblaganini ma`lum qilamiz.
O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi bundan buyon ham barcha darajadagi deputatlardan partiyaviy intizomga qat`iy rioya qilish, saylovchilar e`tiroziga sabab bo`luvchi, partiya elektorati manfaatlariga zid keluvchi harakatlarni amalga oshirmaslikni hamda deputatlik mas`uliyatini oshirishni talab etadi. Amaldagi qonunchilikka asosan, bunday hollarda deputatlarning vakolatlarini muddatidan avval to`xtatish mumkinligini ma`lum qiladi.