AsosiyJamiyat

IIV Andijonda inspektorga bo`ysunmagan qoidabuzar haydovchi bilan bog`liq holatni o`rgandi

'IIV Andijonda inspektorga bo`ysunmagan qoidabuzar haydovchi bilan bog`liq holatni o`rgandi'ning rasmi

2019 yilning 16 oktyabr kuni @sizdantelegram ijtimoiy tarmog`ida “GAI na prinsip mashinani olib kiramiz deb o`ynashyapti”: Haydovchi o`z mashinasini yo`l nozirlaridan jon-jahdi bilan himoya qildi” nomi bilan tarqatilgan videodagi holatlar Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o`rganildi, deya xabar beradi IIV Axborot xizmati.

Ma`lum bo`ldiki, shu yilning 11 oktyabr kuni Andijon viloyati IIB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan xizmat taqsimotiga asosan, Asaka tumani hududida xizmat olib borish uchun biriktirilgan yo`l-patrul xizmati inspektori, shu kuni taxminan soat 13:10larda shu tumanning I.Buxoriy ko`chasida harakatlanib kelgan “Neksiya-3” rusumli davlat raqam belgisi 60N303LA bo`lgan transport haydovchisi “Yo`l harakati qoidalari”ni buzib, 1.3 qo`shaloq sidirg`a chizig`ini bosib, belgilanmagan joydan qayrilib harakatlangani uchun to`xtatilgan. 

YPX inspektori haydovchidan tegishli hujjatlarini so`raganida, haydovchi hujjatlarni taqdim qilishdan bosh tortib, YPX inspektorining qonuniy talablariga bo`ysunmagan. Bu vaziyatda YPX inspektori haydovchiga hujjatlarni taqdim etmasa, avtomobil vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga olib borilishi haqida tushuntirgan. Ammo haydovchi avtomobil eshiklarini qulflab olgan. Shundan so`ng hodisa joyiga evakuator chaqirtirilgan. Evakuator kelgandan keyingi holat haydovchiga tegishli fuqaro tomonidan tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan va tasvirga olish jarayonida haydovchi YPX inspektorlariga mavjud hujjatlarini taqdim qilgan. Haydovchining hujjatlari tekshirilganda, YPX inspektori tomonidan 2019 yil 25 avgust kuni rasmiylashtirilgan, vaqtinchalik ruxsatnomaning amal qilish muddati o`tib ketganligi aniqlangan. Ushbu qoidabuzarlik yuzasidan haydovchiga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 135, 279, 281, 294, 291-moddalari tartibida ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi haydovchi ishtirokida vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga olib borilgan. Bayonnoma bo`yicha ma`muriy jazo qo`llash to`g`risida qaror ko`rib chiqilib, haydovchiga nisbatan 223 ming so`m miqdorida jarima jazosi tayinlangan va 2019 yilning 14 oktyabr kuni jarima davlat foydasiga to`lov qilingandan so`ng avtomobilni jarima maydonidan olib chiqilishiga ruxsat berilgan.

Ko`p hollarda haydovchilik hujjatlarini taqdim etmayotgan, yo`l-patrul xizmati inspektorlari talablarini bajarmayotgan haydovchilar “Yo`l harakati qoidalari”ni muntazam buzishga moyil bo`lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali o`zlarini oqlashga moslashtirilgan video tasvirlarni tarqatadilar. Ammo birgina qoidabuzarlik ortida inson hayoti turganini unutib qo`yadilar.

 

    Boshqa yangiliklar