2019 yil 16 oktyabr kuni @sizdantelegram ijtimoiy tarmog`ida “Toshkent viloyati Angren shahridan yozmoqdamiz. Pasport stoli. Tungi soat 11.00 da Odamlar xorijga chiqish pasporti uchun navbatda turibdi...” sarlavhasi bilan xabar tarqatilgan. Mazkur holat bo`yicha Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati tezkor ma`lumot berdi.
Toshkent viloyatining Angren shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o`rganilishi natijasida ma`lum bo`ldiki, xabar tasvirga olingan kuni Angren shahar IIB Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limining ma`lumotlarni yig`ish punktida 4-5 nafar fuqarolar tayyor bo`lgan xorijga chiqish pasportini olib ketishga kelgan. Bo`lim xodimlari kun davomida 180-200 nafar fuqaroning xorijga chiqish pasporti uchun fuqarolarning elektron talabnomasini shakllantirganlar va soat 18.00dan keyin esa tayyor bo`lgan pasportlarni egalariga tarqatish uchun 140-160 nafar fuqaroga xizmat ko`rsatganlar.
Bugungi kunda ushbu hududda xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun fuqarolarning murojaatlari ko`pligini inobatga olib, navbatlarni kamaytirish va fuqarolarga o`z vaqtida sifatli xizmat ko`rsatishni ta`minlash uchun Angren shahar IIB Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limiga qo`shimcha bir dona qurilma o`rnatilgan.