Poytaxtimizda bolalar allergologlarining I Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o`z ishini boshladi. Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, dunyo aholisining 40 foizi allergik kasalliklarga chalingan. Achinarlisi, ushbu ko`rsatkichning muayyan qismini bolalar va o`smirlar tashkil etadi.
Yurtimizda bugungi kunda 150 nafarga yaqin allergolog shifokor faoliyat ko`rsatmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 11 mayda qabul qilingan “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo`yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori sohada tub burilish yasadi.
Mazkur qaror bilan Respublika ilmiy-ixtisoslashgan allergologiya markazining vazifalari vafaoliyat yo`nalishlari kengaydi. Aholi orasida allergik kasalliklar bilan kasallanishni aniqlash maqsadida markaz tomonidan doimiy populyasion epidemiologik tekshiruvlar o`tkazib boriladi. Respublikada allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to`lmagan va xavf ostida bo`lgan bolalar orasidajoriy yil yanvar-iyul oylarida “Bolalar allergologiyasi va klinik immunologiyasi” sohasida bir martalik umumdavlat aksiyasi o`tkazildi. Aksiya 3 bosqichda olib borildi.
Mazkur sohada kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, 2019 yildan boshlab allergologlarni malakasini oshirish va qayta ixtisoslashtirish Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi zimmasiga yuklatildi.
Allergologiya sohasidagiilmiy-diagnostik, ta`lim, innovasion ishlab chiqarishni rivojlantirish, xorijiy etakchi mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, allergik kasalliklarni tashxislash va davolashga molekulyar va boshqa ilg`or usullarni joriy etgan holda ko`rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida poytaxtimizda Molekulyar allergologiya xalqaro markazi tashkil etildi.
Bundan tashqari, ayni paytda mamlakatimiz aholisi uchun allergopasport shakllarini yaratish, mutaxassislar uchun molekulyar allergologiya bo`yicha maktablar o`tkazish, bemorlar va ularning ota-onalari uchun esa o`quv dasturlarini ishlab chiqish,doimiy ravishda aholi uchun seminarlar, yirik aksiyalar o`tkazish, shuningdk, oziq-ovqat allergenlari molekulalarini aniqlash bo`yicha qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda tibbiyotimiz va ilm-fanning ana shunday muhim yutuqlari va jahon tibbiyotining innovasion texnologiyalariga oid ma`ruzalar tinglandi va muhokama etildi.






