AsosiyJamiyat

Samarqand - Er yuziga sayqal bergan kent

'Samarqand - Er yuziga sayqal bergan kent'ning rasmi

 

18 oktyabr - Samarqand shahri kuni         

 

 Azaldan insoniyat tamadduni,  jamiyat taraqqiyotida shaharlar hamisha alohida o`rin tutgani yaxshi ma`lum. Shu paytga qadar er yuzida qanchadan-qancha shaharlar vujudga kelgani, ularning qanchasi tarixning suronli voqealari, turli tabiiy ofatlar natijasida  yo`q bo`lib ketgani ham ayon haqiqat. 

                            Bu dunyodaning shaharlari ko`p...

         Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda sayyoramizda ellik mingdan ortiq shahar mavjud. Biroq, ular orasida ikki ming yildan ziyod tarixga ega bo`lganlari barmoq bilan sanarlidir. Shu bois ham ona diyorimizda tarixi ming yillar bilan bo`ylashadigan  shaharlarning ko`pligi barchamizga g`urur va iftixor bag`ishlaydi. 

         Mustaqillik yillarida tarixiy qadriyatlarimizni qayta tiklash, ulug` ajdodlarimiz yaratib qoldirgan boy ma`naviy merosni chuqur o`rganish va keng targ`ib etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.  Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Marg`ilon  shaharlarining yubileylari xalqaro miqyosda nishonlandi. Jumladan 2007 yilda Samarqand shahrining 2750 yilligi keng miqyosda bayram qilindi. 

         Qadim Sharqda mashhur bo`lgan “Samarqand sayqali ro`yi zamin ast” misrasi o`tgan asrlarda qanchalik buyuk va haqqoniy mazmun kasb etgan bo`lsa, bu haqiqat, bugun ham, ertaga ham o`z mohiyatini yo`qotmasligi muqarrar. 

                                      “Samarqandcha latif shahar kamrakdur”

         Buyuk mutafakkir shoir, nazm mulkining sultoni bo`lmish   Alisher Navoiydek buyuk zotlarni kamol topishida ham Samarqand beqiyos o`rin tutgan edi. Shu bois ul zot “Saddi Iskandariy” dostonida bu shaharni “Samarqandi firdavsmonand” ya`ni “jannat bog`lariga monand shahar” deya ta`riflagan, “Majolisun-nafois” tazkirasida o`nlab samarqandlik shoirlar ijodiga munosib baho berib o`tganlar. 

Mirzo Bobur  “Boburnoma”da unga “Rub`i maskunda Samarqandcha latif shahar kamrakdur” deya baho bergan. Ulug` ajdodlarimizning bunday e`tiroflari bejiz emas, albatta. Ishonchli tarixiy manbalar, uzoq yillardan beri olib borilayotgan tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar, asrlar bo`yi tildan-tilga o`tib kelayotgan rivoyatlar ham Samarqandning naqadar qadimiy, uzoq o`tmishga ega ekanini isbotlaydi. 

         Tarixchi olimlarning shahodat berishicha,  Samarqand to`g`risidagi dastlabki ma`lumotlar Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak yodgorligi - “Avesto”da uchraydi. Unda Zarafshon vohasi“Sug`ud” va “Sug`uda Gava” nomlari bilan tilga olinadi. Mutaxasisslarning fikricha, “Sug`uda Gava” tushunchasi  vohaning aholi dehqonchilik bilan shug`ullanadigan qismiga nisbatan, “Sug`ud” atamasi uning  poytaxtiga nisbatan ishlatilgan.

         Bu shahar ilk bor yunon  tarixchisi Arrian solnomalarida “Marakanda” nomi bilan atalgan. Milodiy  340-345 yillarda bitilgan “Iskandar safarnomasi” kitobida shahar  Sug`diyonaning poytaxti Marakunda tarzida zikr etilgan.

                                      Nega aynan Samarqand?

         Samarqand nomining kelib chiqishi yuzasidan olim va mutaxassislar turli taxminlarni ilgari suradilar. Bu borada tarixiy faktlarni  ham, afsona va rivoyatlarni ham ko`plab keltirish mumkin. Ularning ayrimlarini ko`rib chiqaylik. 

         Mashhur tarixchi olim Abu Tohirxo`ja o`zining “Samariya” asarida bu xususda bir qancha misollarni ketirib o`tadi. Naql qilishlaricha, bir paytlar shu erda Samar ismli bir kishi yashab o`tgan. U o`z atrofiga ko`pgina odamlarni to`plagan va kent (turkiy tilda shahar, qishloq ma`nosida) barpo etgan. Shu bois dastlab bu erni “Samarkent” ya`ni “Samar qurgan shahar” deb nomlashgan. Keyinchalik bu hududni fath etgan arablar uning nomini o`z tillariga moslab “Samarqand” deb ataganlar. 

“Tarixi Tabariy”da keltirilishicha, bu shaharni Samar otlig` bir xon bino qilgan (tiklagan). Eng avval bu shaharga turkiylarning Qand urug`i kelib o`rnashgan. Keyinchalik bu shahar obod bo`lib, Samarqand nomini olgan ekan.

                  Samarqand nomi ko`pgina tarixiy manbalarda “Semizkent” shaklida uchraydi.Buyuk  allomalarimiz Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Qoshg`ariy  asarlarida yozilishicha, bu so`z qadimgi turkiy tildaboy, hosildor, serunum  shahar ma`nosini anglatadi. Bu fikr bir qator xitoy, arman tarixchilarining asarlarida,   Amir Temur davrida Samarqandga tashrif buyurgan ispan sayyohi Don Ryui Gonzales deKlavixo   kundaliklarida, shuningdek, "Boburnoma"da ham ifoda etilgan. 

                                      Samarqandning yoshi nechada? 

        Shu paytga qadar Samarqandning yoshi bilan bog`liq turlicha qarashlar ham mavjud edi. Bu boradagi savollarga  mustaqillik yillarida fransuz arxeologlari bilan hamkorlikda Afrosiyob tepaliklarida olib borilgan tadqiqotlar natijasida aniqjavob olindi.

         Afrosiyobning eng quyi madaniy qatlamlaridan topilgan miloddan avvalgi IX-VIII asrlarga oid ashyolar - sopol idishlarning parchalari va qadimiy mudofaa devorining  qoldiqlari Fransiya ilmiy-tadqiqotlar milliy markazida o`rganilganda, Afrosiyob, demakki, Samaroqandning yoshi 27 asrdan ko`proq ekani ma`lum bo`ldi. Shu tariqa YuNESKO Bosh konferensiyasining 2005 yil 20 oktyabrdagi 33-sessiyasida Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlash haqidagi qaror qabul qilindi. 

                                Sohibqironning muazzam poytaxti

         Samarqand o`z tarixi davomida ne-ne hukmdorlarni, xon va amirlarni ko`rmadi. Eron shohi Dorodan to Arab sarkardasi Qutaybaga qadar, Qonxo`r Chingizdan to general Abramovgacha bo`lgan qanchadan qancha fotih va sarkardalar bu azim shaharni er bilan yakson etmoq qasdida suron solib kelgan edilar. Tarixning donishmandligini ko`ringki, ularning o`zi allaqachonlar tuproqqa qorildi. Samarqand esa hanuz barhayot, hamon navqiron. Shaharni mahv etishga chog`langan kaslardan nishona qolmadi. Ammo, Samarqand asrlar, ming yillar osha yashab kelayotir. 

         Mo`g`ul istilosidan so`ng Samarqandning qaytadan qad rostlashiga, tom ma`noda Sharqning eng benazir kentiga aylanishida ulug` bobokalonimiz Amir Temurning buyuk hissaalarini e`tirof etmoq joizdir. Zero, Samarqand va Amir Temur nomlari hamisha xalqimizning iftixori, cheksiz faxru g`urar timsoli bo`la oladi. 

         Sohibqiron  Amir Temur davrida  bu shaharda keng miqyosda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, Samarqand nafaqat buyuk saltanatning  poytaxti, balki chin ma`noda  er yuzining sayqaliga,    ilm-fan, san`at va madaniyat markaziga aylandi, rivojlandi. Temur va Temuriylar hukmronligi paytida bu erda Shohi Zinda majmuasi, Go`ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi va boshqa o`nlab bebaho tarixiy yodgorliklar, madrasa va karvonsaroylar, hammom va ko`priklar qad rostladi. Go`zal bog`-rog`lar yaratildi. 

                             Ozod yurtning bebaho javohiri 

         Bugungi kunda   shahar yanada ko`rkam, go`zal va betakror qiyofa kasb etib bormoqda. Har yili ko`plab zamonaviy inshootlar barpo etilmoqda. Ajdodlarimiz yaratib qoldirgan bebaho obidalar qayta ta`mirlanmoqda. 

         Xususan, 1996 yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Samarqanddakeng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Amir Temur saltanati poytaxtida Sohibqironning muazzam, salobatli haykali qad rostladi.  Mazkur qutlug` sana arafasida  Samarqand shahrini  Amir Temur ordeni bilan mukofotlangan edi. Shu kundan boshlab, 18 oktyabr yurtimizda Samarqand shahri kuni sifatida nishonlab kelinadi. 

         Imom al-Moturudiy, Xoja Ahror Vali maqbaralari, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi singari muqaddas qadamjolarning obod qilinishi,  Registon maydoni va uning atrofidagi bunyodkorlik ishlari, umuman shaharning tarix va zamonaviylik uyg`unlashgan bugungi ko`rinishi zamirida  Vatanimiz o`tmishiga, buyuk ajdodlarimiz dahosiga  hurmat-ehtirom  mujassamdir.

                                      Dunyoning iftixoriga munosib shahar

         Ko`hna va hamisha navqiron Samarqandning 2750 yilligi arafasida ham keng ko`lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Shohizinda majmuasidan Bibixonim maqbarasigacha bo`lgan hududda muhtasham xiyobon barpo etildi. Siyob dehqon bozorida   jahon talablari darajasida ta`mirlash ishlari amalga oshirildi, zamonaviy savdo maskanlari ishga tushirildi. Oqsaroy va Saroymulkxonim maqbaralari, Tillakori madrasasi qayta ta`mirlandi. Shahar atrofi va ichki yo`nalishlarda yangi yo`llar qurildi. Ruhobod maydoniga tutash hududda  yangi bog` – go`zal  xiyobon barpo etildi.

         Ma`lumki, 1997 yildan buyon har ikki yilda bir marotaba YuNESKO ishtirokida Samarqand shahrida an`anaviy “Sharq taronalari”  xalqaro musiqa festivali o`tkazib kelinmoqda. Mazkur nufuzli anjuman xalqaro miqyosdagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, xalqimizning boy musiqa san`atini keng  targ`ib etish barobarida ko`hna Samarqand dovrug`ini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

         Samarqand har doim xorijiy sayyohlarni o`ziga maftun etib,  hayratda qoldirib kelgan. Shaharning obod ko`chalarini, bog` va xiyobonlarini kezib, tarixiy obidalarini ziyorat qilar ekansiz, nafaqat yurtimizning turli go`shalaridan, balki, jahonning ko`plab mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayohatchilarni uchratasiz. 

         Bugun qadimiy Afrosiyob tepaliklari, gumbazlari tonggi quyosh nurida yal-yal tovlanayotgan obidalar, buyuk allomalar mangu orom topgan, bugungi avlodlari bunyodkorlik shavqi, ezgu niyat va maqsadlar ila yashayotgan bu azim shahar o`zining yana bir munavvar tongini qarshi olmoqda...

 

    Boshqa yangiliklar