Respublika o`quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida Hukumat qarori (880-son, 17.10.2019 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Respublika o`quv-tarbiya muassasalari to`g`risida nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, alohida sharoitda tarbiyalash va ta`lim berishga muhtoj bo`lgan bolalar uchun o`g`il bolalar va qiz bolalar o`quv-tarbiya muassasalarining maqomi, vazifalari va faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.
Ushbu muassasalarning asosiy vazifalaridan biri tarbiyalanuvchilarni davlat ta`lim standartlari asosida majburiy umumiy o`rta ta`lim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Keltirilishicha, muassasalarga 14 – 18 yoshdagi tarbiyasi og`ir voyaga etmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi.
Tarbiyalanuvchilar muassasalarda axloqan tuzalgunlariga qadar, lekin 3 yildan ortiq bo`lmagan muddatda bo`ladilar.
Qaror bilan, shuningdek, ushbu muassasalar tarbiyalanuvchilarini oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal va boshqa buyumlar bilan ta`minlash me`yorlari tasdiqlandi.
Ma`lumot uchun, Respublika o`g`il bolalar o`quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o`quv-tarbiya muassasasi Prezidentning 2019 yil 29 may PQ-4342-son qarori (http://lex.uz/docs/4357207) bilan tegishli maktab-internatlar negizida tashkil etilgan.