Avgustdan buyon Moskva shahridagi 67-son shahar klinik kasalxonasining reanimasiya bo`limida komada yotgan Rossiya Xalqlar do`stligi universiteti talabasi, O`zbekiston fuqarosi O`lmasxon Baxronovning sog`ligi holati to`g`risida ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar tarqalishi munosabati bilan O`zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi mazkur masala doimiy nazoratda ekanini ma`lum qiladi. Bu haqida Tashqi ishlar vazirligi ma`lum qildi.
Elchixona tomonidan bemorning ota-onasi, uni davolayotgan shifokorlar va tibbiyot muassasasi ma`muriyati bilan doimiy aloqa o`rnatilgan, Rossiya Sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda anesteziologiya, reanimatologiya va otorinolaringologiya bo`yicha yuqori malakali mutaxassislar jalb qilinmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti eslatib o`tadiki, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod viloyati, Bryansk viloyati, Vladimir viloyati, Voronej viloyati, Ivanovo viloyati, Kaluga viloyati, Kastroma viloyati, Kursk viloyati, Lipetsk viloyati, Moskva shahri, Moskva viloyati, Orlov/Oryol viloyati, Ryazan viloyati, Smolensk viloyati, Tambov viloyati, Tver viloyati, Tula viloyati, Yaroslav viloyati) va Armaniston hududidagi fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi Elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.
21.10.2019 08:41
Moskvada avgustdan buyon komada yotgan ayol haqida ma`lumot berildi
