1

Tezkor: Prezident devoni bo`lim boshlig`i davlat mansabdorlaridan tuzilgan jinoiy guruhga rahbarlik qilgani ma`lum bo`ldi

Jamiyat 21.10.2019, 20:54
Tezkor: Prezident devoni bo`lim boshlig`i davlat mansabdorlaridan tuzilgan jinoiy guruhga rahbarlik qilgani ma`lum bo`ldi

Prezident devonining Ishlar boshqarmasi bo`lim boshlig`i “tovlamachilik, firibgarlik, pora oldi-berdisi” bilan shug`ullangan uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilgani ma`lum bo`ldi. Bu haqida “Jahon.uz” internet nashri ixtiyorida bo`lgan tergovga oid hujjatlariga tayanib ma`lum qilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Ishlar boshqarmasi umumiy bo`limining ekspedisiya mudiri lavozimida ishlagan, 1963 yil 20 iyun kuni Samarqand viloyatida tug`ilgan Asatulla Do`stov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi(JK)ning 165-moddasi 3-qismining “a,v” bandlari, 168-moddasi 3-qismining “a,v” bandlari, 209-moddasi  2-qismining “a,b” bandlari 28,211-moddasi 3-qismining “a,b,v” bandlari, 242-moddasining 1-qismi bilan, 243-moddasi bilan ayblangan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Ishlar Boshqarmasi Umumiy bo`limining Ekspedisiya mudiri lavozimida ishlab kelgan Do`stov Asatulla Ismailovich K. Pirnazarov bilan birgalikda doimiy, ierarxik tashkiliy tuzilishga ega bo`lgan, puxta konspirasiya va huquqni muhofoza qilish organlaridan himoyalanishning yo`lga qo`yilgan tizimini tashkillashtirib, korrupsiyalashgan professional jinoiy faoliyat bilan shug`ullanib, uni orqasidan noqonuniy boylik orttirib, bu bilan o`zlari va yaqinlari tomonidan tekinxo`rona, dabdabali hayot kechirishini ta`minlab, davlat va jamoat manfaatlariga, fuqarolarning daxlsizligi, hayoti va sog`ligi, qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa huquq va erkinliklariga iqtisodiy zarar va jiddiy ziyon etkazib kelishgan.

K.Pirnazarov noqonuniy daromad va boylik orttirib, o`zganing mulkini va mulkka bo`lgan huquqini firibgarlik va tovalamachilik yo`li bilan qo`lga kiritib, mulkiy naf ko`rish maqsadida jinoiy uyushma tuzishni rejalashtirib, mazkur jinoiy rejasini amalga oshirish uchun dastlab 2008 yil dekabr oyida jinoiy guruh tuzib, unga jinoyat sodir etishga moyil bo`lgan, Devonning ma`muriy binolardan foydalanish boshqarmasi mutaxassisi Yo`ldosh O`rinov, O`zbekiston Respublikasi IIV HOOBB profilaktika inspektorlariga amaliy yordam berish bo`limi boshlig`i o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan O`ralov Nuriddin Abdurasulovich, muqaddam mazkur vazirlik tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan Suleymanov Safiulla Sado`kovich, O`zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligining qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishning iqtisodiy tahlili va prognozlash boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan Talipov Mansur Saidovich, muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan va tuzalish yo`liga o`tmasdan xavfli residiv jinoyatlarni sodir etish yo`liga kirgan Ashurov Musurmon, tergovda aniqlashni imkoni bo`lmagan, lekin o`zlariga ma`lum bo`lgan “Alisher”, “Qaxramon”, “Sohiba”, “Zulxumor”, “Ahmad”, “Salim” ismli shaxslarni jalb qilgan.

Shundan so`ng, K. Pinazarov doimiy jinoiy faoliyat bilan shug`ullanish uchun Devonning Ishlar Boshqarmasi Umumiy bo`limi Ekspedisiya mudiri lavozimida ishlab kelgan A.Do`stov bilan, u tomonidan o`zganing mulkini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida tashkil etilgan, jinoyat sodir etishga moyil bo`lgan, Devonning umumiy bo`limi boshlig`i lavozimida ishlab kelgan Maxsumov Abduraxim Farsadovich, «Yangi Angren Issiqlik energostansiyasi» ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatida texnik vazifasida ishlab kelgan Niyazov Abdujabbor Abdibakirovich, o`zining ukasi Do`stov Iskandar Ismailovich, Toshmurodova Dilafro`z Jabborovna va boshqalarning a`zoligidagi uyushgan jinoiy guruhga birlashib, jinoiy uyushma tuzib, uning faoliyatiga A.Do`stov bilan rahbarlik qilib kelgan.

Jinoiy uyushma rahbari A.Do`stovning rahbarligidagi uyushgan guruh a`zolari A.Maxsumov, A.Niyazov, I.Do`stov, D.Toshmurodovalarga muayyan mablag`ga ega bo`lgan, mansabparast Davlat korxonalarining rahbarlar lavozimlariga o`tish niyatida yurgan fuqarolarni topish, ularga jinoiy uyushma rahbarlari K.Pirnazarov va A.Do`stovlarni Davlat ahamiyatiga molik, yuqori lavozimda ishlovchi muayyan miqdordagi haq evaziga har qanday ishlarni mablag` bergan shaxslarning manfaatlari yo`lida ijobiy hal qila olishga qodir shaxs sifatida ta`riflab, ularning ishonchiga kirib, ularning mablag`larini qo`lga kiritish bilan shug`ullanib kelishgan.

Ular qanday jinoyatlarni sodir etishgan

Jinoiy guruh a`zolari quyidagi holatlarda, ya`ni quyidagi ishlarni amalga oshirishlarini va`da qilib firibgarlik jinoyatlarini sodir etgani ma`lum bo`ldi.

- Toshkent shahar Shayhontoxur tumani, “Markaz-13” mavzesidagi “Chkalov” nomidagi Toshkent aviasiya birlashmasiga qarashli bo`lgan er maydonida Devon, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasi xodimlari uchun 4-5 xonadan iborat uylar qurilishi va ushbu uylardan olib berish;

- IIV TB tomonidan tergov harakatlari olib borilgan jinoyat ishi bo`yicha Jinoyat kodeksining 244(2)-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganligi uchun qamoqqa olinganlarni qamoqdan chiqarish va ular saqlanayotgan UYa-64/TH-1 muassasasi xodimlari tomonidan muassasaning ichki tartibini buzishgan taqdirda ularga nisbatan jazo qo`llanilmasligi masalasini hal qilib berish;

- “Chkalov” nomidagi Toshkent aviasiya birlashmasi tomonidan sotuvga chiqarilayotgan mol-mulklarni sotib olib berish;

- Davlat maslahatchisi lavozimida ishlovchi R.Muxiddinov bilan yaqin munosabatda ekanliklarini aytib avf orqali mahkumlarni qamoqdan chiqarish;

- Devonning Umumiy bo`limida fuqarolarni qabul qilishda yuritilgan tartibga ko`ra, birinchi marotaba murojaat qilgan fuqarolarga yashil rangdagi “Qabulga keluvchilarni ro`yxatga olish varaqasi” yuritilishi, takroran murojaat qilganga mazkur varaqaning sariq rangdagisi yuritilishi belgilangan. A.Do`stov fuqarolarning ishonchiga kirish maqsadida, K.Pirnazarov orqali “tuzog`iga” ilinganlarning ism-shariflari yashil rangdagi “Qabulga keluvchilarni ro`yxatga olish varaqasi”ga yozilishiga erishgan va shu sabab ham ularga fuqarolar ishonishgan;

- Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlash;

- Nukus Davlat pedagogika institutining rektori lavozimiga tayinlash;

- O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlash;

- Samarqand viloyat Narpay tumanida joylashgan «Oqtoshdonmahsulotlari» ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi lavozimiga tayinlash; (O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning murojaatlari to`g`risida»gi Qonun va Devon qabulxonasida yuritilgan ichki tartib talablariga zid ravishda, M.Raximovni qabul qilganligi holati bo`yicha rasmiylashtirilgan “Qabulga keluvchilarni ro`yxatga olish varaqasi”ga go`yoki M.Raximov o`zi “Oqtoshdonmahsulotlari” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatida uzoq yillar ishlab, 2008 yilda nohaq o`z lavozimidan ozod etilganligini ta`kidlab, o`z ishiga qayta tiklanishiga yordam so`rab murojaat qilganligini va unga masalasi ma`muriy-huquqiy masalaga oid bo`lganligi uchun hujjatlar va ariza bilan ma`muriy-huquqiy organlarga murojaat etishi mumkinligi haqida tavsiya berilganligini ko`rsatib, g`arazgo`ylik va boshqa manfaatlarini ko`zlab rasmiy hujjatga bila turib soxta yozuvlarni kiritib, qalbakilashtirgan. Aslida, bu M.Raximov ishga o`tishi uchun suhbat bo`ldi degan sahnani ko`rsatish uchun qilingan. M.Raximov A.Maxsumovning qabuliga kirib chiqib, “Oqtoshdonmahsulotlari” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi lavozimiga tayinlanishiga ishonch hosil qilgach, 50.000 AQSh dollarini bergan);

- Abiturientlarni o`qishga kiritishga ishontirib fuqarolarni mablag`larini o`zlashtirib kelganlar;

- Fuqarolik ishlari bo`yicha Andijon tumanlararo sudining qarori, fuqarolik ishlari bo`yicha Andijon viloyat sudi apellyasiya hay`atinining hal qiluv qarorini o`zgartirishsiz qoldirish haqidagi ajrimini Oliy sudning mansabdor shaxslariga topshiriq berish yo`li orqali bekor qilish;

- “Andijonpaxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasiga ishga joylashtirib qo`yish;

- “Qo`qon yog`-moy” ochiq aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi lavozimiga ishga tiklash;

- “Yangi Angren Issiqlik Energostansiyasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi A.Abidov MXX tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi bo`yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilganligini bilgani holda, jamiyat raisining o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan A.Tajibaevning pul mablag`larini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida, unga jinoiy uyushma rahbari A.Do`stov go`yoki Devonda mas`ul lavozimda ishlab, MXXda yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali, ularga muayyan miqdordagi pul mablag`larini berish yo`li bilan uni «Yangi Angren Issiqlik Energostansiyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi lavozimiga tayinlanishini hal qilib berish;

- Qarshi Davlat universiteti rektori lavozimiga tayinlash;

- Narpay tuman hokimi lavozimi tayinlash;

- “Samarqandpaxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasi boshqaruv raisi lavozimiga;

- Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentiga surishtiruvchi lavozimiga tayinlash;

K.Pirnazarov, A.Do`stovlar o`zlari rahbarligidagi jinoiy uyushma manfaatlarini ko`zlagan holda jinoiy harakatlarini davom ettirib kelib, uyushgan guruhlar va jinoiy uyushmaning jinoiy faoliyati natijasida fuqarolarni juda ko`p miqdordagi jami 1 mln. 669 ming 700 AQSh dollari pul mablag`larini o`zlashtirganliklari aniqlangan

A.Do`stov yuqori mansabga intilganlarni Prezident devoniga taklif qilib, amalda ular boshqa murojaat bilan kelishgan deya rasman qayd ettirishga erishib, ularning esa o`zlariga suhbatdan o`tdingiz deb ishontira olgan. Prezident devoniga kirib chiqqan “qarmoqqa ilinganlar” esa suhbatdan o`tdik deya juda ko`p miqdordagi pul mablag`larini sanab beraverishgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1