AsosiyShou-biznes

Shamlar o`chmagan kecha yoxud mashhur aktyor Evgeniy Leonovning oddiy hayoti haqida

Moskvada, oddiy oilada

Evgeniy Leonov — xalq artisti, davlat mukofoti sovrindori, teatr va kinoning iste`dodli aktyori bo`lgan. Uning ijrosidagi rollar bir-biridan ta`sirchan qahramonlar bo`lib, tomoshabin qalbidan chuqur joy olgan. Leonov o`z ishiga mas`uliyat bilan yondashar, har bir obrazni bor bo`yicha gavdalantirishga harakat qilardi. Aktyor ishtirokidagi “Omadli jentlmenlar”, “Gugurtga ketib”, “Qor malikasi”, “Belorus vokzali”, “Mimino” va “Kuzgi marafon” filmlari bugungi kunda ham ekrandan tushmasligining sababi shunda.

Evgeniy Leonov 1926 yil 2 sentyabrda Moskvada oddiy oilada tug`ilgan. 1947 yilda Moskva teatr studiyasini tugatib, Stanislavskiy teatriga ishga kirgan. 1968 yildan boshlab esa Mayakovskiy nomidagi teatrda faoliyat yuritdi.
U teatr studiyasini tamomlagan yildan kinoda suratga tushdi. Samimiy chehrasi, tabassumga yo`g`rilgan iqtidori tufayli Leonov teatr sahnasidayoq muxlis orttira boshlagandi. Bu jarayon kinoda yanada keng tus oldi. Evgeniy Leonov faoliyatining har bir qirrasi namoyon bo`lar, hatto dublyajdagi ishlari tahsinga sazovor edi. U mashhur multfilm qahramoni Vinni Puxga ovoz berib, oltin fond bisotini betakror asar bilan boyitishga ulush qo`shdi.
Leonov kinoda ijobiy rollarni unchalik ko`p yaratmagan (“Ola-bula reys”, “Rumyansevlar ishi”, “Yon, yon, yulduzim”, “Omadli jentlmenlar”, “Mutlaqo yo`qolgan”) bo`lsa-da, tomoshabin uning qahramonlarini yoqtirib qolardi.
Georgiy Daneliyaning “Kuzgi marafon”, “Afonya”, “Ko`z yoshlar tomchilaganda”, “Kin-dza-dza” kabi filmlari uzoq yillar mobaynida Leonovning tumori bo`ldi, deyish mumkin. Shuningdek, teatrda Leonovga bir nechta rollar bergan M.Zaxarov kinoda “Svift qurgan uy”, “Oddiy mo``jiza”, “Ajdarhoni o`ldirish” filmlari orqali ko`ngilchanlik, tushkunlik holatlarini namoyon etuvchi qahramonlar ijrosini topshirdi.
Evgeniy Leonovning dramatik iqtidori “Don qissasi” kinoasaridagi Yakov Shibalka obrazi orqali yanada to`liq namoyon bo`ldi. Shuningdek, u Lvov-Anoxinning “Antigona” spektaklidagi qirol Kreont obrazini to`laqonli ijro etib, teatrdagi faoliyatini ham bab-baravar olib bordi.

Qo`rqinchli imtihon

Bo`lajak aktyorning otasi Pavel Vasilevich muhandis, onasi Anna Ilinichna tabelchi bo`lib ishlardi. Ularning yana bir o`g`li – Kolya ham bo`lib, u Jenya (Evgeniy)dan ikki yosh katta edi. Leonovlar oilasi Vasileskiy ko`chasidagi kichikroq kommunal uydan ikki xonani olib istiqomat qilishardi.
O`smirligi haqida Evgeniy Leonov shunday deb xotirlagan edi:
— Men texnikumning uchinchi kursidan Moskva teatr studiyasiga qatnadim. Bu dargoh 43-yillarda tashkil tashkil etilgandi. Teatr studiyaga “Bolshoy teatr”ning taniqli baletmeysteri Rostislav Zaxarov rahbarlik qilar, Ekaterina Sheremeteva kabi ustozlar dars berishardi. Mazkur studiya haqida kimdir menga aytgan va shu dargohga yo`l olganman. Bugungidek esimda, kiyishim uchun akamdan kostyumini berib turishini so`radim. O`zimni go`yo imtihonga tayyor hisoblagandim. Ammo shu qadar hayajonlanardimki, bundan jahlim ham chiqardi. Studiyada yigirma besh kishi o`tirgan ekan. Texnikumda nimalarni o`rgangan bo`lsam, birma-bir o`qib berdim: Anton Chexov, Mixail Zoshchenkoni…
“Yana bormi?” — deb so`rashdi. Ularga shunday javob berdim: “Bor, lekin yanada yomon”. Nima uchundir hammasi mendan yana ifodali o`qishimni so`rashardi. Alesandr Blokning “Restoranda” she`rini o`qiy boshladim. Bu she`rni judayam yaxshi ko`rardim. Jimjit bo`lib qoldi, men esa rangim oppoq oqarib ketganini sezdim. Blokni jiddiy ravishda o`qigandim. Rahmat aytishdi. Bu she`r beo`xshov qiyofam, madaniyatdan salgina yiroq aft-angorimdan ustun kelib, meni qutqarib qoldi.
Keyin, aytishlaricha, hammalari kengashda yig`ilib, Ekaterina Sheremetevani ko`ndirishga harakat qilishibdi. U esa ko`nmagan. Mening g`o`rligim, qo`polligimni aytibdi. “Biz yordam beramiz”, — deyishibdi. Xullas, meni studiyaga qabul qilishdi. Bilimgohning bosh o`quv boshqarmasiga yo`l oldim. Qiyinligiga qaramay, meni bir o`quv yurtidan boshqasiga o`tkazishdi.
O`qish boshlandi. Rosa og`ir bo`lgan. Har kuni ertalab soat sakkizdan tungi soat birgacha studiyada yo`qolib qolardim. Studiya mashg`ulotlariga mukkasidan sho`ng`irdim. Etyudlarda nimanidir o`ylar, boshimni qotirardim. Men artist bo`lishni nihoyatda orzu qilardim.

Yo`lbars bilan olishuv

“Ola-bula reys” filmini ko`pchilik ko`rgan. Mazkur kinoasar kemada qafasdan bo`shalib ketgan hayvonlarning sarguzashtlarga sabab bo`lishi haqida hikoya qiladi. Filmda bahaybat yo`lbarsning vannaga kirib kelgan lavhasi bor. Suratga olish chog`ida Evgeniy Leonovga yo`lbars bilan uning orasiga to`siq tarzida qo`yiladigan oynani ko`rsatishdi. Leonov shaxsan o`zi tekshirib, bu oyna o`q o`tkazmasligiga ishonch hosil qildi. Ammo sal o`tib, nimalar yuz berishini mutlaqo bilmasdi. U tasvirchi Dmitriy Mesxievning rejissyorga e`tiroz bildirib, agar oyna qo`yilsa, kadrda bilinib qolishi, tomoshabinlar sezishlari mumkinligini ta`kidlaganidan bexabar edi. Fetin tasvirchiga diqqat bilan quloq solar ekan, himoya oynasidan foydalanmaslikka qaror qildi.
— Agar oynadan foydalanmasak, Leonov suratga tushishdan bosh tortadi, — dedi Mesxiev.
— Bu haqda unga aytmaymiz, — deb javob berdi Fetin. — Xavf-xatarning oldini olish uchun hayvon o`rgatuvchini vanna tagiga yashirib qo`yamiz, vassalom!
Ijodiy jamoa vannaxona manzarasi tayyorlangan pavilonda yig`ildi. Oyna o`sha joyda turardi. Leonov hech gapdan bexabar holda echina boshladi. Vannaga shampun quyilgach, u xushchaqchaq holda o`zini ko`pikka belab, suvni shaloplatgancha xirgoyini boshlab yubordi. Rejissyorning ko`rsatmasiga muvofiq, ishchilar muhofaza oynasini olib qo`yishdi. So`ng pavilonga Pursha laqabli yo`lbarsni kiritdilar. Oq pufakchalarning qimirlayotganini ko`rgan ulkan jonivor o`sha tomonga yurdi va hidlay boshladi. Evgeniy Leonov ko`zlarini ishqalar ekan, shundoq burni tagida yirtqich bilan to`qnash keldi. Uning nimalarni his qilganini tushunsa bo`ladi. Jon talvasasida sakrab turdi, so`ng qip-yalang`och holda yo`lbarsga qarshilik ko`rsatdi. Bu harakat shu qadar tabiiy chiqdiki, lavhani suratga olgan tasvirchi Mesxiev qiyqirib yubordi.
Yuqoridagi lavha Evgeniy Leonov yirtqichlar oldida qo`rqib ketgan yagona epizod emas. Aktyor shunday deb yozgan:
“Biz kemaga chiqdik. “Seni qafasga joylaymiz va yo`lbarslarni qo`yib yuboramiz, — dedi rejissyor va tasvirchi menga, — ko`raylik-chi, nima bo`larkan”. Men keskin rad etdim: “Nima?! Hech qachon! Axir, mening oilam, jajji o`g`lim bor”. Ko`ndirishga urinishdi. Keyin esa yashirindilar. Fetin machta ichiga kirdi, Mesxiev esa temir qutiga joylashib, kamerani mosladi. Shundan so`ng yo`lbarslar qo`yib yuborildi. Jonivorlar meni hidlashdi-da, indamay paluba bo`ylab izg`iy boshlashdi. Ular tashlanmasa, komediya chiqmasdi. Rejissyor qichqirdi: “Hoy o`rgatuvchi, nega yo`lbarslaring artistga tashlanmayapti?” O`rgatuvchi javob berdi: “Ular uning hidiga o`rganishdi”. Nimadir qilish kerak edi. O`rgatuvchi menga cho`chqa bolasini tiqishtirib shivirladi: “Leonov, mana bunga sanchqini suqib ko`r, yo`lbarslar qaramayapti”. Men e`tiroz bildirdim: “Senga kerakmi, o`zing bajar, bu mening ishim emas...”
Oradan bir daqiqa o`tar-o`tmas, yirtqichlar cho`chqaning isini bilgach, nimalar bo`lganini ko`rsangiz edi! Qafas panjaralari orasidan panjasini cho`zgan yo`lbarslar uni olmoqchi bo`lishardi. Men esa dodlagancha, cho`chqani yanada mahkam qisib olgandim. Qo`rqib ketgan cho`chqacha qattiq tipirchilay boshladi. Yo`lbarslar quturgancha irillar, cho`chqa bolasi esa ovozi boricha chinqirardi. “Hoy, o`rgatuvchi, o`q uz, aks holda paluba bilan birga qo`shib, hammani paqqos tushirishadi”, — deb baqirdim men. U o`q uzdi. Ana shunda urg`ochi yo`lbarslardan biri o`zini suvga otdi. Uni kemaga chiqarib olish uchun bir soat vaqt ketdi”.

Sevgi, oila, tantiq o`g`il

Evgeniy Leonovning artistlarga yot bo`lmagan bitta xislati bo`lgan: u qizlar bilan tanishishga uyalardi. Shu bois, 30 yoshdan so`ng uylandi. U bo`lajak rafiqasi bilan Sverdlovskda — gastrolda tanishgandi. Sohibjamol Vanda bir nigoh tashlashi bilan Leonovning yuragiga o`t yoqqandi. Evgeniy tortinchoqlikni yig`ishtirib, unga tomon talpindi.
Leonov odatdagidek ish tutdi: qiz bilan shahar bo`ylab sayr qildi, unga she`rlar o`qib berdi. Vanda uni yoqtirib qoldi. “Sen aqldan ozdingmi? – deyishdi ota-onasi qiziga. – Qanday erkak o`zi bu? Kasbi-chi? Artist-partistga ham o`xshamaydi-ku!” Qiz o`jarlik qilib, so`zida turib oldi – shundan so`ng u sevgilisi bilan Moskvaga yo`l oldi.
Ularning Evgeniy Leonov tug`ilgan uyda istiqomat qilishlariga to`g`ri keldi. Nochor yashashsa-da, baxtiyor edilar. Vaqt o`tib, o`zlarining uylariga ham ega bo`lishdi. Evgeniy Leonov muntazam ravishda o`z oilasi haqida qayg`urardi.
Ular 37 yil birga yashashdi, oilada o`g`il dunyoga keldi. Bu uyga ko`plab kishilar tashrif buyurishar, mehmonnavozlik, saxovat birlamchi omil edi.
Lenkom aktyori Andrey Leonov otasining mehr-muhabbati, g`amxo`rligi va sabot-matonatini alohida ehtirom bilan tilga oladi. U o`zboshimcha, itoatsiz bo`lib o`sdi, o`qishlari o`lja-jo`lda edi. Shunga qaramay, otasi hamisha Andreyning tarafida edi. Leonovning faqat bir marta jahli chiqdi. U “ikkichi” o`g`lining lash-lushlarini jomadonga soldi va qo`lidan tortqilab, uydan olib chiqdi. Andrey qo`rqib qolgandi. Ota-bola birinchi qavatga tushganlarida u yig`lab yubordi. Leonov joyida to`xtadi. Keyin Andreyni uyga qaytarib olib chiqdi va aybini kechirdi...
Ular hayotida bahs-munoazaralar ham bo`lar, shunga qaramay, ota va o`g`ilni mehr bog`lab turardi. Bu shunday iliq mehr ediki, kutilmagan mo``jizalar tuhfa etardi.

Infarkt, koma, operasiya

1989 yil edi. Germaniyada bo`lgan Evgeniy Leonov infarktni boshdan o`tkazdi. Klinik o`lim, so`ng koma. Yashab ketishga umid yo`q edi. Andrey bir oy davomida jonlantirish bo`limida – otasining yonida bo`ldi.
“Urinib ko`ring, balki u sizni eshitar”, – dedi shifokor.
Andrey ikki hafta mobaynida otasiga nimalardir deb gapirdi. Mo``jiza ro`y berdi – 19 kundan so`ng Evgeniy Leonov ko`zlarini ochdi.
U jarrohlik amaliyoti tufayli to`la-to`kis yana besh yil yashadi. Operasiya juda katta pulni talab qilar, aktyorning esa buncha mablag`i yo`q edi. Nemis shifokorlari bir chaqa ham olishmagandi.
“Biz siz ishtirok etgan “Belorus vokzali”ni ko`rganmiz, – deyishdi Leonovga. – Qo`rqinchli urush haqidagi eng ajoyib kinoasar bu”.
Evgeniy Leonovning yana rollar o`ynashi mumkinligi haqida hech kim o`ylab ko`rmagandi. Oradan to`rt oy o`tib, u Mark Zaxarovning “Xotirlash ibodati” spektakli repetisiyasida qatnasha boshladi. Mazkur sahna asarini ko`rishga kelgan tomoshabinlar mashhur aktyor ijrosidagi betakror rolni tomosha qildilar. Hech kim loqayd emas, zal hamisha muxlislarga limmo-lim to`lardi...
1994 yilning 29 yanvari edi... Barcha chiptalar sotilgan bo`lsa-da, o`sha oqshom spektakl qo`yilmadi.
“Aktyor Evgeniy Leonov to`satdan vafot etdi”, – deb xabar qilishdi tomoshabinlarga. Bitta ham chipta kassaga qaytmadi. Muxlislar sovuq izg`irinda sham ko`tarib turdilar – bu ularning iqtidorli va mashhur aktyorga hurmat-ehtiromlari ramzi edi.

Anvar Namozov

    Boshqa yangiliklar