Cifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo`lmagan tovar moddiy boyliklarini noqonuniy yo`llar bilan olib o`tilishiga qarshi bojxonachilar tomonidan keskin kurash olib borilmoqda.
Jumladan, Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbiri davomida tovar moddiy boyliklarini yashirichna olib kirishga uringan shaxs fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda
Ya`ni fuqaro S.M. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o`tkazilganida avtomobil saloni hamda yukxonasida bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi tegishli hujjatlari bo`lmagan umumiy qiymati 50,5 million so`mlik parfyumeriya mahsulotlari borligi aniqlandi.
Shuningdek, yana bir holatda tezkor guruh ishtirokchilari tomonidan Farg`ona tumanida yashovchi fuqaro E.J.ning yashash xonadoni xolislar bilan ko`zdan kechirildi.
Natijada, xonadonda umumiy qiymati 89,5 million so`mlik 10 500 quti tamaki mahsulotlari hamda 10 dona televizorlar borligi fosh qilindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






