AsosiyJinoyat

“Yonib ketgan sigaretalar” operasiyasi fosh etildi

'“Yonib ketgan sigaretalar” operasiyasi fosh etildi'ning rasmi

Shu yilning yoz faslida Jizzax viloyatining M-39 avtomagistrali orqali harakatlangan yo`lovchilarning ko`pchiligi ushbu hududda yonib ketgan “DAF”rusumli yuk avtomashinasiga ko`zi tushgan bo`lishi aniq.

Gap shundaki, 2019 yil 7 iyul kuni  U.A. imli shaxs boshqaruvida bo`lgan mazkur “DAF”rusumli avtoulov tirkamasida yuklangan qiymati 121 000 AQSh dollarlik 550 000 quti chet elda ishlab chiqarilgan sigaret mahsulotlari bilan Qirg`iziston Respublikasiga tranzit o`tkazish uchun Buxoro viloyatining “Olot” chegara bojxona posti orqali O`zbekiston Respublikasiga kirib kelgan.

Biroq, ushbu avtotransport vositasi 2019 yil 14 iyul kuni go`yoki Jizzax viloyati hududida tirkamasining orqa qismidan yong`in chiqishi natijasida yukxonasidagi sigareta mahsulotlari bilan birgalikda yonib ketganligi haqida haydovchi tomonidan xabar berilgan.

Haydovchi to`qigan cho`pchakka ko`ra, avtotransport vositasining orqa o`ng tomon shinasining yonishi oqibatida kelib chiqqan yong`in natijasida avtotransport vositasi va undagi sigaret mahsulotlari butunlay yonib ketgan va uni o`chirish imkoniyati bo`lmagan emish.

Ammo, katta partiyadagi sigaretalar ortilgan ushbu avtoulovning to`satdan yonib ketishi haqida haydovchi aytgan gaplar bojxona xodimlarini sergak torttirdi.

Chunki, ushbu sigaretalar agarda O`zbekiston Respublikasida bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazilganida, 6,6 mlrd so`m bojxona to`lovlari to`lanishi kerak edi.

Shu tariqa Jizzax va Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilib, mazkur xolat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati boshqarmasi Tergov bo`limi hamda Davlat bojxona qo`mitasi xodimlari tomonidan olib borilgan hamkorlikdagi sa`y-xarakatlar natijasida jinoyat ko`pga cho`zilmasdan ochildi, yashirib qo`yilgan sigaretalar Samarqanddan topildi. 

 

    Boshqa yangiliklar