AsosiyJamiyat

Adolat qaerda yoxud 105 nafar talaba nega kursdan qoldirildi?

'Adolat qaerda yoxud 105 nafar talaba nega kursdan qoldirildi?'ning rasmi

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining bir guruh talabalari 2018/2019 o`quv yilining ikkinchi semestrda belgilangan fanlarni o`zlashtirolmagach, kursdan qoldirilgan. Bundan norozi talabalar “Adolat bo`lsin” (!) nomli telegram kanali ochib, kafedra mudiri Zafar Sunnatov yozgi semestrda bo`lgan imtihon natijalarini adolatsiz baholagan va shaxsiy adovati tufayli 160 nafar talabani nohaq kursdan qoldirdi, deya shikoyat qilishgan.

Aniqlanishicha, institutda 6 ta fakultet mavjud bo`lib, haqiqatdan ham ulardan 5 tasida talabalarni kursdan qoldirish bo`yicha buyruq chiqarilgan. Faqat murojaatda keltirilganidek 160 nafar emas, balki 105 nafar talaba fanlarni o`zlashtira olmagani (akademik qarzdor bo`lgani) uchun institut rektori buyrug`i bilan kursdan qoldirilgan.

Talabalar xolisligiga shubha qilgan Zafar Sunnatov mudirligidagi “Foydali qazilma konlar geologiyasi va qidiruv razvedkasi” kafedrasi tomonidan 42 nafar talaba o`qituvchining ularga nisbatan shaxsiy adovati tufayli emas, aksincha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli Qarori (http://lex.uz/docs/3244181) bilan tasdiqlangan “Oliy ta`lim muassasalari talabalari o`qishini ko`chirish, qayta tiklash va o`qishdan chetlashtirish tartibi to`g`risida”gi Nizomning 5-bob, 37-bandi talablariga ko`ra kursdan qoldirilgan.

Institut ma`muriyati akademik qarzdorligi bor talabalarga fanlarni o`zlashtirishi va o`qishni davom ettirishlari uchun to`rt marotaba (!) imkoniyat bergan, ularning ota-onalarini ogohlantirgan, imtihonlarni qayta topshirishlari uchun zarur sharoit yaratgan. Afsuski, talabalar berilgan imkoniyatni suiste`mol qilishgan.

Institut rektori norozi talabalar va ularning ota-onalari bilan uchrashgan. Kursdan qoldirilganlar orasida fanga aloqador savollarga javob berish u yoqda tursin, hattoki o`zi tahsil olayotgan ta`lim yo`nalishi yoki fanning nomini to`liq aytib berolmaydigan talabalarning bo`lishida esa  loqayd talabalar va ularning ota-onalari birga professor-o`qituvchilarning ham aybi bor. Norozi talabalarning bir o`qituvchi o`rniga ikkinchisi darsga kirishi, sinovdan o`tolmaganlar ro`yxatida ikki kishining “tushib” qolishi yoki kimlardir 500$, 800$ va hattoki 1000$ gacha “gaplashib” hal qilayotgani haqidagi e`tirozlari ham tasdiqlanmadi.  

Haqiqatdan, Geologiya va konchilik fakultetidan joriy o`quv yilining shu kuniga qadar 10 nafarga yaqin professor-o`qituvchi vazirlik tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq malaka oshirishga yuborilgan. Malaka oshirishga jalb qilingan pedagogning o`rniga uning darsini hamkasbi o`tishiga oliy ta`lim muassasasidagi tartib-qoidalar imkon beradi.

Institutda 410 soat dars qoldirgan talaba yo`q. Tengdoshlarida shubha uyg`otgan J.Toshev va Sh.Safarovlarga esa akademik qarzdorlik uchun qayta topshirilgan imtihonlar davrida kasal bo`lganligi va buni tasdiqlovchi ma`lumotnoma fakultet rahbariyatiga taqdim etilgani uchun amaldagi tartibga binoan 2 hafta muhlat berilgan. Bu qarzdor talabalarning kursdan kursga o`tganini bildirmaydi, ular 5 tadan 8 tagacha fandan imtihon topshiradi va imtihon natijasiga ko`ra qaror qabul qilinadi.

Kursda qoldirilgan talabalar “Ustozimiz Z.Sunnatov besh oydan keyin nafaqaga chiqarkan, uni eslab yurishimiz uchun bizni yiqityapti” deya yozg`irgan “keksa” pedagog Zafar Sunnatov aslida 1972 yilda tug`ilgan. Ayni kuchga to`lgan yoshdagi texnika fanlari nomzodi, dosent, yoshlarga bilim berish ishtiyoqi bilan yonayotgan o`qituvchilardan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 maydagi Farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida oliy ta`lim sohasida “korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilmoqda.  

Vazirlik tomonidan bu illatga qarshi kurashish yo`lida ko`rilayotgan qat`iy choralar, joylarda nafaqat ayrim pedagoglar balki ba`zi talabalar ham shaffof va adolatli baholash tizimiga tayyor emasligini ko`rsatmoqda. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutidagi holat buning yaqqol tasdig`idir.

    Boshqa yangiliklar