AsosiyJamiyat

Salbiy izoh va sharhlarni o`chirishga kuch toping...

'Salbiy izoh va sharhlarni o`chirishga kuch toping...'ning rasmi

Internetdan foydalanadigan har bir kishi trollar hujumiga duch kelib turadi. Hozirgi paytda bunday trollar chiroyli qad-qomatga ega yigit va qizlar ko`rinishida yoki dindor niqobida bo`lishi mumkin. 

Trollar zamonaviy texnologiyalar asosida insonning shaxsiy hayotini izdan chiqarishning juda ko`p usullarini allaqachon ishga solishgan: bu diniy ta`limot, da`vatlar, turli buzg`unchilikdan tortib “porno-shantaj“ga qadar. 

Internetda trollarning butun boshli armiyasi ishlaydi. Ular o`zimizga o`xshagan oddiy odamlar. Ular Internetga kirgan sodda odamlarni avrab, ma`lum bir chorasizlikka olib kelishdan manfaatdor bo`lishadi. 

Shu bois Internetdan foydalanishda, ijtimoiy tarmoqlar orqali do`stlarning telefonlariga shaxsiy rasmlarni yuborish zamirida turli tahdidlar borligini har birimiz bilishimiz shart.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgan, oddiy virtual do`stlarimiz ham trolga aylanishi mumkin. Ba`zan sizga har kuni xayrli tong va xayrli tun tilayotgan mehriboningiz asta-sekin sizning barcha shaxsiy ma`lumotlaringizga ega bo`lib borayotganini sezmaysiz. Ayrim hollarda virtual do`stlarimizga bor dardimizni to`kib solib, ularga sirimizni o`zimiz fosh etamiz. 

Virtual do`stlarimiz esa bizning nozik va ojiz tomonlarimizni bilib boradi. Shunoq ham ularga e`tibor berishimiz bilan ular qanday fikrlari, suratlari, izohlari va sharhlariga layk bosishimizga qarab ham biz haqimizda bilib boradi va qarmog`iga ilintirish payida bo`ladi.

Eng achinarlisi, farzandlarimiz alohida xavf guruhida. Chunki Internet bugun ularning bor dunyosidir. Ma`lumotlarga ko`ra, o`zbekistonlik o`smirlarning deyarli yarmi kiberhujumlarga duch keladi. Bu ularning ta`lim-tarbiyasiga kuchli ta`sir qilib, ularning o`qishini izdan chiqaradi. Hayotga befarq qaraydigan qilib, kelajakka bo`lgan umidini so`ndiradi. Ayrimlari din yoki porno saytlarga kirishga mukkasidan ketib qoladi. Shu tarzda elektron qotillik qurboni bo`lgan bolalar ham yo`q emas. 

Shunday xavfli muammolarga duch kelmaslik, imkon qadar trollarning qurboni bo`lmaslik uchun o`smirlar, ularning, ota-onalari va o`qituvchilari uchun internetda o`zini qanday tutish va ma`lumotlarining xavfsizligini ta`minlash bo`yicha quyidagi eslatmalarni yodda tutish kerak.

Troll bilan suhbatga aralashmang, u faqat sizning e`tiboringizga muhtojligini unutmang. U bilan oqilona suhbatlashish, bahs-munozara qilish befoyda. Agar sizni real hayotda tanishingiz bo`lmagan biron bir inson, sizga iliq munosabatda bo`lish maqsadida tanishish so`rovini yuborsa uni darhol o`chiring. Voyaga etmagan farzandlaringizni va o`smirlarning ishlatayotgan telefoni, kompyuteri, plansheti va boshqa qurilmalariga zudlik bilan yosh cheklovi shartlarini o`rnating. (IOS va Android tizimlariga ulanish paytida buni amalga oshirishingiz mumkin)

Salbiy izohlar va sharhlarni yo`q qiling Har kim o`zi uchun qaror qilishi kerak. Kuchli odam bo`lib buni kundalik amalga oshirishga iroda va kuch toping.

Unutmang, trollar sizning qo`rqoq ekanligingizni bilgach, o`zining nog`orasiga o`ynatishni boshlaydi.

Agar troll barcha chegaralarni kesib o`tib, sizni zaharli fikrlari bilan o`rab tashlasa, uning so`zlari va takliflarini skrinshot qilib huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiling.

    Boshqa yangiliklar