AsosiyJamiyat

Ahmed Aliev: «MXX raisi o`rinbosari Shuhrat G`ulomov Shavkat Mirziyoevni jismonan yo`q qilmoqchi bo`lgan»

'Ahmed Aliev: «MXX raisi o`rinbosari Shuhrat G`ulomov Shavkat Mirziyoevni jismonan yo`q qilmoqchi bo`lgan»'ning rasmi

O`zbekistonda 2011—2012 yillarda Islom Karimovni hokimiyatdan chetlatish va o`sha vaqtda bosh vazir lavozimida faoliyat olib borgan Shavkat Mirziyoevni o`ldirishni maqsad qilgan to`ntarish rejalashtirilgan.Bu haqida 21 oktyabr kuni Toshkentda o`tkazilgan matbuot anjumanida Jasliq qamoqxonasida o`tirib chiqqan «Aliev zargari» (Gold Center) zargarlik kompaniyasi rahbari Ahmed Aliev ma`lum qilgan.

Ahmed Aliev 2012 yili hibsga olingan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 23 ta moddasi bo`yicha ayblov e`lon qilingan. 2013 yili esa u uyushgan jinoiy guruh tuzishda aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2019 yil sentyabrida esa jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudi «Aliev ishi»ni qayta ko`rib chiqib, uni sud zalidan ozod qilgan edi.

Alievning so`zlariga ko`ra, uning qamalishiga bir tomondan iqtisodiy, boshqa tomondan esa siyosiy sabablar bo`lgan. Uning o`zi qamalishida siyosiy sabablarni asosiy rol o`ynagan deb hisoblaydi.

«2011—2012 yillarda O`zbekistonda davlat to`ntarishi tayyorlangan. Agar o`sha to`ntarish amalga oshsa, o`sha vaqtdagi prezident Islom Karimov lavozimidan chetlatilardi. O`sha davlat to`ntarishi doirasida o`sha vaqtda bosh vazir lavozimida bo`lgan Shavkat Mirziyoev jismonan yo`q qilingan bo`lardi. Takrorlayman, uni jismonan yo`q qilishmoqchi edi. Meni shu to`ntarish haqida bilib qolganim uchun qamashgan», — deydi Ahmed Aliev.

Taniqli zargarning ta`kidlashicha, «Shavkat Mirziyoevni jismonan yo`q qilish rejasi ortida shaxsan general Shuhrat G`ulomov turgan». Aliev, shuningdek, 2019 yilgi apellyasiya sudlarida aytgan gaplarini takrorlagan — 2014 yili unda to`ntarish bo`yicha bilganlarini oshkor qilish imkoniyati tug`ilgan, yozganlari kerakli odamlargacha etib bormagan bo`lsa-da, keyinchalik aynan uning yozganlari asosida huquq-tartibot organlari yuqori martabali amaldorlarga nisbatan jinoyat ishi ochgan.

Ma`lumot uchun, MXX (hozirgi DXX)ning sobiq birinchi o`rinbosari Shuhrat G`ulomov 2017 yili O`zbekiston Harbiy sudi tomonidan konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilish va giyohvand moddalar kontrabandasini tashkil etishda aybdor deb topilib, umrbod ozodlikdan mahrum etilgan edi. Shavkat Mirziyoev uni «sotqin» deb atagan edi.

    Boshqa yangiliklar