AsosiyJamiyat

Tadbirkor o`zi tahsil olgan maktabga 200 million so`mga futbol maydoni qurib berdi

'Tadbirkor o`zi tahsil olgan maktabga 200 million so`mga futbol maydoni qurib berdi'ning rasmi

To`raqo`rg`on tumanidagi 9-umumta`lim maktabida 552 nafar o`quvchi ta`lim olmoqda. Maktab o`quvchilarining sportga qiziqishi baland.

Mazkur ta`lim maskanida bir necha yillardan buyon sportning basketbol, voleybol, qo`l to`pi, engil atletika, stol tennisi singari o`nga yaqin turlari bo`yicha to`garaklar faoliyat yuritib keladi. Prezidentimizning yoshlarning kamoli va istiqboliga qaratilgan besh muhim tashabbusi asosida to`garaklar soni shaxmat, futbol mashg`ulotlari bilan yanada boyidi.

Mazkur ilm maskanida saboq olgan tadbirkor, To`raqo`rg`on futbol maktabi asoschilaridan biri Zokirjon Ahmadaliev 200 million so`mga yaqin o`z mablag`i hisobidan o`quvchilar uchun sun`iy qoplamali futbol maydoni qurib berdi, deya xabar beradi Namangan viloyat xalq ta`limi boshqarmasiAxborot xizmati.

- Shu maktabda saboq olganman, - deydi tadbirkor. - Farzandlarimiz ham shu dargohda o`qishdi, endilikda nabiralarimiz tahsil olishmoqda. Yoshlarning sog`lom, har tomonlama barkamol bo`lib ulg`ayishi biz kattalar uchun juda muhim hisoblanadi. O`zini kelajakka daxldor deb bilgan inson borki, farzandlarining etuk kamol topishiga hissa qo`shishi kerak. O`quvchilarga ushbu stadionni tuhfa etish orqali oldimga qo`ygan ezgu maqsadimga erishdim.

To`raqo`rg`onda mustahkam poydevorga ega bo`lgan futbol maktabi mavjud. Ayni paytda faoliyat olib borayotgan “Odil junior” futbol maktabining odimlari ham shunga hamohang bo`lib, mazkur maktab Ispaniya, Germaniyadagi mashhur klublar bilan hamkorlik o`rnatgan. Ispaniyaning “Atletiko Madrid” klubi o`yinchisi Kiko maktabga tashrif buyurib, bo`lajak futbolchilarning mashg`ulotlarini kuzatgan, o`z tavsiyalarini bergan. Shu yilning noyabr oyida Italiyadan murabbiy va mutaxassislar kelishi kutilmoqda. Xorijlik mutaxassislar hamrohligida 2010 yilda tug`ilgan o`smirlar ham tashrif buyurishadi. Ular bilan To`raqo`rg`on futbol maktabi o`quvchilari o`rtasida turnir o`tkazish rejalashtirilgan.

Kuni kecha foydalanishga topshirilgan va ochilish marosimi katta sport bayramiga aylanib ketgan yangi futbol maydonidagi mashg`ulotlarda o`quvchilar toblanishmoqda. Yoshlarga bo`lgan bu kabi e`tibor kelajagimiz egalarining sportga bo`lgan ishtiyoqini yanada oshirib, ular orasidan chempionlar etishib chiqishiga xizmat qilmoqda.

    Boshqa yangiliklar