Davlat bojxona qo`mitasi ommaviy axborot vositalarida e`lon qilingan “Turkmaniston – O`zbekiston chegarasidan maxfiy yuklar olib o`tilmoqda” sarlavhali xabarga munosabat bildirdi
Joriy yilning 23 oktyabr kuni Internet tarmog`idagi bir nechta saytlar tomonidan “Turkmaniston – O`zbekiston chegarasidan maxfiy yuklar olib o`tilmoqda” sarlavhasi ostida xabarlar e`lon qilindi.
Ushbu xabarlarda go`yoki Turkmanistonga tegishli 4 ta yuk avtotransport vositasi “Farob” (Turkmaniston) va “Olot” (O`zbekiston) chegara punktlari orqali harakatlanayotganligi, ularning yuk hujjatlarida “tekshirish taqiqlanadi” deb yozilganligi hamda tovarlar bojxona tekshiruvlaridan o`tkazilmayotganligi qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan o`rganish ishlari amalga oshirilganda, ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emasligi ma`lum bo`ldi.
Ta`kidlash joizki, chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan barcha avtotransport vositalari amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida zamonaviy nazorat-texnik vositalarini qo`llagan holda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o`tkazilmoqda.
Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o`tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini takomillashtirish to`g`risida”gi 1007-sonli Qaroriga muvofiq, Davlat chegarasi orqali o`tadigan barcha shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o`tkazilishi shartligi belgilangan.






