Xorazm viloyati aholisiga transport xizmatini yanada yaxshilash hamda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida Transport vazirligi Xorazm viloyati transport boshqarmasi tomonidan yana bir xayrli ishga qo`l urildi.
22 oktyabrdan "Xiva-Toshkent" yo`nalishiga zamonaviy “YUTONG” rusumli katta hajmli avtobuslar 2 ta harakat jadvali asosida qatnovlarni yo`lga qo`ydi. Bu haqida darakchi.uzga viloyat transport boshqarmasi xabar qildi. Mazkur avtobuslar har kuni Xiva shahridan 1-grafik asosida soat 11-00da, 2-grafik asosida soat 16-00da harakatni boshlaydi.
Qatnovlar jarayonida xavfsizlik masalalariga alohida e`tibor qaratilgan bo`lib, yo`nalishga jo`naydigan har bir avtobus texnik ko`rikdan, haydovchilar esa tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi.
Avtobuslarning sanitar holati muntazam nazorat ostida bo`ladi. Yo`nalish bo`yicha harakatlanish vaqti 1050 km masofani 17 soatda bosib o`tadi. Chipta narxi 1 yo`lovchi uchun bir tomonga 115 ming so`mni tashkil etadi. Avtobus 51 ta o`ringa mo`ljallangan.
Endilikda Xiva shahri aholisi va sayyohlar Toshkent shahriga borish uchun Urganch shahriga borishiga hojat qolmadi. Ular barcha qulayliklarga ega bo`lgan shinam avtobuslar xizmatidan foydalanadigan bo`lishdi.






