Bir zumda boy bo`lib qolish orzusi... Kim ham ko`p pulga tez fursatda ega bo`lishni istamaydi deysiz. Lotereyalar tarixiga nazar tashlasak, omadli insonlar turli lotereya o`yinlarida ishtirok etib, katta miqdordagi pullarni yutib olishganini guvohi bo`lamiz.
Aslida mo`jiza kabi tuyilgan bunday yutuqli o`yinlar asrlar osha insonlarni o`ziga qiziqtirib, jalb etib kelmoqda. Ammo bunday omadlilarga kulib boquvchi o`yinlar har doim ham haqqoniy bo`ladimi? Savol tayin, javobni esa olis o`tmishdan emas, shu kunlarda bo`layotgan voqealarga qaratsak...Bugun tijorat banklari tomonidan turli yutuqli lotereyalar o`yinga qo`yiladi. 3000 so`m, 5000 so`m...arzimas summa bo`lishi mumkin.
Ammo minglab fuqarolarga pullanadigan bunday lotereyalar atrofida millionlab mablag`lar aylanadi. “Xalq banki” tomonidan chiqarilgan “Imkon” lahzali pul lotereyasini xarid qilib, o`ynagan jizzaxlik yurtdoshimiz Zohida Abduxalilova hayotida ham mo`jiza yuz berdi...Qanday deysizmi? U ushbu lotereyadan 50 million so`m pul yutug`ini qo`lga kiritdi.
Yutuqli lotereyani olib, quvonchlari ichiga sig`magan Zohida “Xalq banki” tomon yo`l oladi. Oz fursatda pul yutug`ini qo`lga kiritaman deb o`ylagan yurtdoshimiz, qattiq adashganini bugun anglamoqda. Iyul oyida lotereyadan yutuqni qo`lga kiritgan, amma hanuzgacha o`z yutug`ini qo`lga kirita olmayapti. Buning boisi ne deya surishtirganimizda –“Bank xodimlari lotereyadagi raqamlarni o`chirayotganimda bexosdan pastdagi “o`chirilmasin” yozuvi ostidagi raqamlar ham o`chib ketgani sabab qilib keltirishmoqda” dedi quvonchi uzoqqa cho`zilmagan yurtdoshimiz.
Ammo chindan yutuqni qo`lga kiritgan bo`lsa, bankda uning kodini aniq tekshirish imkoni bo`lsa, nima uchun bunday holat yuz bermoqda?Bunday ko`zbo`yamachilikdan kimga naf? Aslida bunday o`yinlar odamlarni aldash uchun qilinmoqdami, savollar ko`p... javob berishga kelganda esa kimdan javob olishni bilmaysan kishi. Kimningdir peshonasiga omad bo`lib yozilgan rizqi boshqalarga buyurmasligi tayin. Shu bois “Xalq banki” mutasaddilari bu masalaga jiddiy qarab, to`g`ri echim topishlariga umid bildiramiz. Zero, “Imkon” kimgadir chindan imkoniyat berishi lozim nazdimizda.
Qahramon Shermatov, O`zbekiston Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasi etakchi mutaxassisi






