Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 oktyabrdagi PQ-4471-son qaroriga asosan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o`z faoliyatini boshladi.
Ma`lum qilinishicha, markaz O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi tashkilot hisoblanadi. Bundan ko`zlangan maqsad ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi jiddiy muammolarni jadallik bilan tezkor va samarali hal qilishda davlat organlari va tashkilotlari resurslarini jalb qilishdir.
Markazning jamoatchilik bilan aloqalar xizmati xabariga ko`ra, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sifati qayta tashkil etilib, muassasaga yangi vazifalar belgilangan va tuzilmasi tasdiqlangan.
Shuningdek, uning negizida «open space» tamoyili asosida ochiq innovasion platforma tashkil etiladi. Bundan maqsad esa- davlat organlari va tashkilotlari, tahliliy va tadqiqot markazlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tadbirkorlik sub`ektlari, fuqarolik jamiyati va ekspertlar hamjamiyati vakillari, boshqa manfaatdor tomonlarning samarali tarmoqlararo va idoralararo hamkorligini yo`lga qo`yishdir.
Akselerator markaz tuzilmasidagi ishchi organi bo`ladi. Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investisiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo`yicha maslahatchisi o`rinbosari ushbu markaz direktori va akselerator rahbari sanaladi.






